Turkiya va Ozarbayjon armiyalari qonun bilan “bir tan, bir jon”ga aylanmoqda
Olam
−
02 fevral 2022
8409Anqara va Bakuning harbiy va mudofaa sohalaridagi hamkorlik doirasida birgalikda harakat qilish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi kecha, 1 fevral kuni Turkiya parlamentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Ozarbayjon Parlamenti ushbu deklaratsiyani tasdiqladi. Hujjatni o‘tgan yilning 15 iyunida Ozarbayjon va Turkiya Prezidentlari Ilhom Aliyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qorabog‘ning Shusha shahrida imzolagan edi.
Deklaratsiya “tomonlardan birining xalqaro tan olingan chegaralarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, daxlsizligi yoki xavfsizligiga uchinchi davlat yoki davlatlar tomonidan tahdid yoki tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda” BMT Nizomiga muvofiq Baku va Anqara tomonidan o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.
“Shoshilinch muhokamalar orqali ushbu yordamning hajmi va shakli aniqlangandan so‘ng, mudofaa ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish va qurolli kuchlar qo‘mondonligi va qo‘mondonlik tuzilmalarining muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi”, deyiladi xabarda.
Hujjat bandlaridan birida Ozarbayjon va Turkiya ikki davlat qurolli kuchlarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishi belgilab qo‘yilgan. Bu kadrlar almashinuvi va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, hujjatda ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-siyosiy hamkorlik uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emasligi belgilab qo‘yilgan.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
LiveBarchasi