Turkiya va Misr “yarash oshini damlayapti”. Erdo‘g‘an Mursiyning o‘limini unutdimi?
Olam
−
18 mart 2023
8626Turkiya va Misr yaqinda diplomatik aloqalarni to‘liq normallashtirish va elchilar darajasiga olib chiqish uchun zarur qadamlarni qo‘yadi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bugun, 18 mart kuni Qohirada misrlik maqvedoshi Sameh Shukri bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Biz tez orada ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni eng yuqori darajaga olib chiqamiz”, deydi Turkiya vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar samimiy va aniq bo‘lgan.
"Bugun biz samimiy muzokaralar o‘tkazdik va o‘rtamizda unchalik ko‘p kelishmovchiliklar yo‘qligini ko‘rdik. Keyingi davrda biz yanada faol hamkorlik qilamiz va barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantiramiz. Biz kompaniyalarimizni qo‘shma loyihalarga yanada faol sarmoya kiritishga undaymiz. Biz kompaniyalarimizni qo‘shma loyihalarga yanada faolroq sarmoya kiritishga undaymiz”, deydi Chavusho‘g‘li.
Uning bildirishicha, ham gumanitar yo‘nalishda, ham turizm sohasida aloqalarni rivojlantirish zarur.
“To‘qqiz yildan buyon foydalanilmayotgan salohiyatimiz bor, undan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida faol foydalanishimiz kerak”, dedi Turkiya TIV rahbari.
Chavusho‘g‘li 10 yil ichida Misrga tashrif buyurgan ilk turk rasmiysi bo‘ldi.
Turkiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Misr Prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin yomonlashgan. Shundan so‘ng har ikki davlat o‘z elchilarini chaqirib oldi. 2021 yil mart oyida Chavusho‘g‘li Anqara va Qohira o‘rtasida diplomatik darajada aloqalar tiklanishini e’lon qildi. 2022 yil noyabr oyida Turkiya va Misr Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Abdulfattoh as-Sisi Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining ochilish marosimida qisqacha uchrashuv o‘tkazdilar.
Turkiya va Misr munosabatlaridagi taranglik
Muhammad Mursiy mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan ilk Prezidenti sanalib, u islom dunyosida ham martabali yo‘lboshchilardan biri edi. Mursiyning hokimiyatdan kuch tizimlari sabab ag‘darilishi mamlakat aholisi orasida katta norozilikni keltirib chiqargan. Prezident lavozimini Mursiydan keyin Mudofaa vaziri sifatida faoliyat yuritgan Abdul-Fattoh Halil As-Sisi egalladi.
Misrda ro‘y bergan davlat to‘ntarishidan so‘ng, tinch aholi vakillari namoyishga chiqdi. Ular dunyo hamjamiyatining e’tiborini Misrga qaratish uchun namoyishlar timsoli sifatida qo‘lning to‘rt barmoqli ko‘rinishini tanladilar. Bu esa namoyishlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda ommalashtirildi.
Misrda sobiq Prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari namoyishi Robiya Al-Adaviya maydonida o‘tkazilgan. Robiya esa arab tilida “to‘rtinchi” degan ma’noni anglatadi. Mursiy esa mamlakatni boshqargan to‘rtinchi Prezident edi. Shu bois namoyishchilar bosh barmoqlarini bukib, qolganlarini ko‘targan holatda aksiya o‘tkazdilar. Internetda, xususan Twitter’da #R4BIA xeshteglari paydo bo‘ldi. Birgina Instagram’da esa ushbu heshteg bilan 100 minglab xabar qoldirilgan.
Robiya Al-Adaviya VIII asrda Yaqin sharqda, hozirgi Iroq va Suriya hududlarida yashagan bo‘lib, u oilada to‘rtinchi farzand bo‘lgan. Robiya tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri edi. Robiya bolaligini qullikda o‘tkazadi va qochoqlikdan so‘ng ozod bo‘ladi. U Misrda ozodlik timsoli sifatida tarixda qolgan va tasavvufda Robiya Adaviya yo‘nalishiga asos solgan.
O‘sha vaqtlarda Mursiyni qo‘llab-quvvatlab to‘rt barmoqli ishoradan foydalanganlar orasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham bo‘lgan. U keyinroq Mursiy o‘z ajali bilan o‘lmagani, aksincha, o‘ldirilganini aytib chiqdi.
“Mursiy o‘z o‘limi bilan o‘lmagan, uni o‘ldirishgan. Misrning demokratik saylangan prezidenti sud zalida 20 daqiqa yotgan va unga hech kim yordam ko‘rsatmagan”, degan edi Erdo‘g‘an.
2019 yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Misr arab Respublikasining sobiq Prezidenti Muhammad Mursiyning dafn marosimiga uning qarindoshlari kiritilmaganini qattiq qoralib chiqdi.
“Misrning saylov yo‘li bilan tanlangan Prezidenti Muhammad Mursiy sud zalida qiynalib vafot etishi va dafn marosimiga, hatto, oilasining qatnashishiga izn berilmagani – ichimizda qonagan bir yaradir”, degan Rajab Toyib Erdo‘g‘an.