Turkiya ustidan mazax: Rossiya urib tushirilgan “Bayraktar”ni namoyishga qo‘ydi
Olam
−
18 avgust 2022
19719Rossiya Mudofaa vazirligi “Armiya-2022” harbiy-texnik forumida ilk bor Ukrainadagi maxsus operatsiya davomida havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan “Bayraktar TB2” uchuvchisiz uchish apparatini namoyish etdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Aerokosmik mudofaa harbiy akademiyasi o‘qituvchisi podpolkovnik Anton Xaperskiyning so‘zlariga ko‘ra, MAM-L va MAM-C boshqariladigan bombalar bilan qurollangan Turkiyada ishlab chiqarilgan hujumkor dron Ukrainaning Lugansk viloyatidagi Svatovo qishlog‘i yaqinida urib tushirilgan.
“Bayraktar” deyarli ko‘rgazma ochilgan birinchi kundan beri shu yerda. Menimcha, bu birinchi marta namoyish etilmoqda. [U] deyarli vayron bo‘lgan, biroz tiklangan, ta’mirlangan – ko‘rsatishga tayyor edi”, deydi u.
Xaperskiyning qayd etishicha, ko‘rgazma bilan jihozlangan qurollar haqiqiy, ammo jangovar kallaklari yechib olingan.
“Bularni ham maket, ham haqiqiy [raketalar] deb aytishimiz mumkin. Ya’ni, ular o‘sha yerdan olib kelingan, ammo ularda jangovar kallak yo‘qligi aniq. Xalqqa uning (“Bayraktar” – tahr.) qanday qurollari borligini ko‘rsatish uchun yetkazilgan”, deb tushuntirgan u.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya qarshi Ukrainaga harbiy harakatlar boshlashidan 20 kun avval Kiyevga borib, Zelenskiy bilan bir qator masalalarni muhokama qilgandi. Ushbu uchrashuvda Putin va Zelenskiyni Istanbulda ko‘rishtirish ham kun tartibidagi masala bo‘lgan va Zelenskiy Erdo‘g‘anning bu taklifiga rozilik bildirgan.
Shuningdek, ushbu uchrashuvda Ukrainada Turkiya bilan hamkorlikda uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
Ma’lumot uchun, “Baykar Makina” kompaniyasi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor oilasiga tegishli.
Bayraktar droni
“Bayraktar TB2” – Turkiyaning Baykar Makina kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi dron. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.
Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankga qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.
Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda “Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.
LiveBarchasi