Turkiya turkman gazini Kaspiy dengizi orqali olishga umid qilyapti – Erdo‘g‘an
Olam
−
13 dekabr 2022
4984Turkiya Turkmaniston tabiiy gazini Kaspiy dengizi orqali o‘z hududiga yetkazib berishga umid qilmoqda. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an 14 dekabr kuni Ozarbayjon Prezidenti ishtirokida uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tadigan Turkmanistonga uchishidan oldin ma’lum qildi.
“Biz sammitda bu masalani muhokama qilamiz. Turkman gazi Kaspiy orqali mamlakatimizga yetkaziladi deb umid qilaman”, deydi u jurnalistlarga.
Ertaga bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda uch davlat o‘rtasidagi hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo, energetika va transport sohalarida yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qadamlarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Natijada qator shartnomalar imzolanadi.
“Tashqi ishlar vazirlarimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlardan so‘ng, biz, davlat rahbarlari sifatida, yangi formatda ish boshlaymiz. Sammitning asosiy kun tartibi tabiiy gaz, transport va savdo sohalariga oid masalalar bo‘ladi. Bundan tashqari, aloqalarimiz asosini mustahkamlaydigan qator shartnomalar imzolashni rejalashtirganmiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov ham Ashxobodga borib, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan uchrashdi va O‘zbekistonga qo‘shimcha ravishda kuniga 20 mln kub metr gaz (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) berish bo‘yicha kelishuvga erishib qaytdi.
LiveBarchasi