Turkiya “Tolibon”ni tan oldimi? Chavusho‘g‘li bu borada dunyo davlatlariga maslahat berdi

Olam

image

Avvalroq, “Tolibon” harakati Afg‘onistonni boshqaradigan hukumat tarkibini e’lon qilgani haqida xabar bergandik.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li dunyo mamlakatlariga Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatini tan olishga shoshilmaslikni maslahat berishini aytdi. Bu haqda “Interfax” bir qator Yevropa nashrlariga tayanib xabar bermoqda.  

“Shoshilishning hojati yo‘q. Bu bizning butun dunyoga maslahatimiz. Xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak”, deydi Chavusho‘g‘li.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonning yangi hukumati inklyuziv bo‘lishi kerak hamda ayollar, shuningdek, etnik ozchiliklar vakillari ushbu hukumat tarkibida vazirlik lavozimlarini egallashi kerak.

Qayd etish kerakki, ko‘plab davlatlar qatori O‘zbekiston hamda Tojikiston Afg‘oniston hukumatining inklyuziv bo‘lishi hamda milliy ozchilik guruhlarining manfaatlari hisobga olinishi tarafdori.

Ma’lum qilinishicha, Turkiya “Tolibon” harakati bilan turk diplomatlari vaqtincha qo‘nim topgan Qobuldagi aeroportni qayta ishga tushirish borasida muzokara olib bormoqda. Chavusho‘g‘liga ko‘ra, Turkiya Qatar bilan ham, AQSH bilan ham aeroport ochilishi mumkin bo‘lgan shartlar bo‘yicha aloqalarni davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 sentyabr kuni “Tolibon” rasmiylari Milliy qarshilik fronti joylashgan Panjsher vodiysi bosib olinganidan so‘ng, butun mamlakatni o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi. Qarshilik fronti rasmiylari ular hali ham vodiyda ekanligini da’vo qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

458

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing