Turkiya Suriyada ikkita harbiy baza quradi – OAV

Olam

image

Turkiya Suriyada ikkita harbiy baza qurib, u yerga F-16 qiruvchi samolyotlarini joylashtirishi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib, hukumatga yaqin bo‘lgan “Türkiye” gazetasi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Turkiya va Suriya o‘zaro mudofaa bo‘yicha bitim imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu bitim yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda. Hujjatga ko‘ra, agar Damashq kutilmagan xavfga duch kelsa, Turkiya uni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, bitim quyidagilarni ham nazarda tutadi:

  • Turkiya Suriyaga harbiy tayyorgarlikda yordam ko‘rsatadi, jumladan, Suriya armiyasi va uchuvchilarini o‘qitadi;
  • Turkiya Suriyada ikkita harbiy baza quradi;
  • Ushbu bazalarda Turkiyaning 50 ta F-16 qiruvchi samolyotlari joylashtiriladi. Bu Suriya harbiy-havo kuchlari tiklanishiga qadar mamlakat suverenitetiga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujumlarni oldini olish uchun amalga oshiriladi.

Ammo hozircha rasmiylar bu ma’lumotga izoh bermagan. “Türkiye” nashri, shuningdek, yangi Suriya hukumati Turkiyadan dronlar, radar tizimlari va radioelektron kurash vositalarini so‘raganini ham xabar qilgan. 

“Damashq hukumati Turkiyadan asosan dronlar yetkazib berishni so‘ramoqda. Bundan tashqari, Isroil bilan chegaradagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida turk dronlari, radar tizimlari, radioelektron kurash vositalari va integratsiyalashgan xavfsizlik tizimlari o‘rnatilishini xohlamoqda”, deyiladi xabarda.

Suriya Mudofaa vazirligi vakiliga ko‘ra, dronlarning ilk partiyasi yaqin vaqt ichida yetkazib berilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, oldinroq “The Washington Post” nashri sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ekspertlar xulosalariga tayanib, Isroil Suriya hududidagi neytral mintaqada harbiy bazalar qurayotganini e’lon qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oxirida Suriyada qurolli muxolifat hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagandi. 8 dekabrda ular Damashqqa kirib keldi. Shundan so‘ng, Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad lavozimini tark etib, Rossiyaga qochib ketdi. 

10 dekabr kuni Idlib viloyatida Muhammad al-Bashir Suriya muvaqqat hukumatining bosh vaziri sifatida e’lon qilindi. Bu hukumat joriy yil 1 martgacha faoliyat yuritadi.

Joriy yil 29 yanvar kuni esa "Hayat Tahrir ash-Shom" guruhi yetakchisi Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) Suriya prezidenti sifatida e’lon qilindi. O‘tish davri yakunigacha u shu lavozimda qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya harbiy baza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing