Turkiya Suriya va Iroqdagi nishonlarga zarba berdi
Olam
−
24 Oktabr
8271Turkiya harbiy-havo kuchlari Iroq va Suriya shimolidagi Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) terror tashkiloti nishonlariga zarbalar berdi. Bu haqda bugun, 24 oktyabrga o‘tar kechasi Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, aviazarbalar natijasida terrorchilarga tegishli jami 32 ta nishon “muvaffaqiyatli yo‘q qilingan”. Mudofaa vazirligi qaysi nishonlarga zarba berilganiga aniqlik kiritmadi. Bayonotda tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun “barcha chora” ko‘rilgani bildirildi. Qayd etilishicha, havo operatsiyalari davom etmoqda.
Turkiya Harbiy-havo kuchlarining zarbalari Anqara viloyatidagi Turkish Aerospace Industries (TAI, TUSAŞ) mudofaa sanoat kompaniyasi ob’ektlarida terakt sodir etilganidan bir necha soat o‘tib amalga oshirildi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, yana 22 kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, ikki hujumchi o‘ldirilgan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning aytishicha, hujumga Kurdiston ishchilar partiyasi terror tashkilotining aloqadorligi taxmin qilinmoqda. Turkiya Mudofaa vaziri Yashar Guler ham KIPning ishtiroki mumkinligini ma’lum qildi.
Turkish Aerospace Industries – qiruvchi samolyotlar va dronlar konstruktori va ishlab chiqaruvchisi. Boshqa narsalar qatorida, “TUSAŞ” Kaan qiruvchi samolyotining prototiplarini ishlab chiquvchilardan biridir.
Turkiya eksport ko‘rsatkichlarining deyarli 80 foizi mudofaa sektori hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakat 2023 yilda 10,2 milliard dollarlik mudofaa uskunalarini eksport qildi.