Turkiya muxolifatida navbatdagi komediya: Akshenar stolga qaytdi, Qilichdoro‘g‘li nomzod bo‘ldi
Tahlil
−
07 mart 2023
11008Turkiyaning muxolifat bloki – “Millat ittifoqi” 74 yoshli “Jumhuriyat Xalq” partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini bo‘lajak prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ko‘rsatdi. Bu haqda “Sabah” gazetasi xabar berdi.
Kecha, 6 mart kuni muxolifat blokining olti partiyasi Anqaradagi uchrashuvdan so‘ng tegishli bayonot bilan chiqqan.
Ommaviy axborot vositalariga muxolifat nomzodi sifatida Kilichdoro‘g‘li nomini “Saodat” partiyasi raisi Temel Karamollao‘g‘li e’lon qilgan. Aynan partiya shtab-kvartirasida “oltilik stoli” – muxolif partiyalar birlashuvidagi “Millat ittifoqi” koalitsiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, shundan so‘ng muxolifat alyansidan nomzodning nomi e’lon qilingan.
Qilichdoro‘g‘li Respublikachilar alyansi nomzodi, amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qarshi chiqadi.
Turkiya siyosiy doiralarida Qilichdoro‘g‘li barcha muxolifatning eng kam ta’sirli nomzodi sanaladi.
Muxolifat bir-birini yeyish bilan band
Qilichdoro‘g‘lining mamlakat prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi oson kechgani yo‘q. Ayni vaqtda mamlakat zaminiga qo‘shilib, siyosati ham og‘ir tebranishlarni boshdan kechirmoqda. Erdo‘g‘anga muxolif partiya va ularning rahbarlari o‘rtasidagi murosasizlik kun sayin keskinlashib bormoqda. 3 mart kuni “Yaxshilik” partiyasi rahbari Meral Akshenar Erdo‘g‘anga qarshi 6 muxolif partiyadan iborat “Millat Ittifoqi” koalitsiyasini tark etdi. U hErdo‘g‘anning azaliy dushmani – “Jumhuriyat xalq” partiyasi lideri Kamol Qilichdoro‘g‘lining nomzodi prezident sayloviga ko‘rsatilishiga qarshi chiqdi.
Akshenar nomzod o‘laroq “Jumhuriyat xalq” partiyasidan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li yoki Anqara hokimi Mansur Yavash nomzodini ko‘rsatishni taklif qildi. Ammo bu taklif qabul qilinmagan.
“O‘tgan yili mamlakatimiz kelajagini o‘ylab, juda muhim qadam tashladik. Kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda nihoyat kim prezidentlikka qo‘shma nomzod bo‘lishini muhokama qildik. 5 ta siyosiy partiya Kilichdoro‘g‘li nomzodini e’lon qildi.
Biz Erdo‘g‘anga qarshi barcha ommaviy so‘rovlarda uzoq vaqtdan beri g‘alaba qozongan ikki nomni bildirdik. Ular Mansur Yavash va Ekrem Imomo‘g‘li edi. Afsuski, bu mulohazalar va takliflar rad etildi.
Oltilik stolining so‘nggi yig‘ilishida o‘zaro kelishuvga erishildi. Biz tushundikki, xalq yutgan haqiqatdan shaxsiy kun tartibi afzaldir.
Aziz millatim, biz “Yaxshilik” partiyasini buning uchun tuzmadik. Tashkil etilgan kundan buyon o‘zimizni boshqalardan ustun ko‘rmadik. Ba’zan partiyamiz manfaatlarini unutib, millatimiz uchun ulardan voz kechdik”, degan edi Akshenar.
Akshenar prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatmoqchi “Jumhuriyat Xalq” partiyasidan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va Anqara hokimi Mansur Yavash taklifni qabul qilmadi. Ular Prezident kursisi partiya raisi Kamol Qilichdoro‘g‘liga yarashishini aytdi.
Akshenar gapidan qaytdi
Akshenar xonim esa Turkiyani larzaga keltirgan bayonotidan ortga qaytdi, gapirganlarini qaytarib oldi va yana stolda bo‘sh qolgan kursisiga kelib o‘tirdi. U kecha, 6 mart kuni “Saodat” partiyasi Markaziy boshqaruv ofisida o‘tkazilgan yig‘ilishga kelib, 74 yashar Kamol Qilichdoro‘g‘li saylangan taqdirda, o‘zi tomonidan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlar Ekrem Imomo‘g‘li va Mansur Yavash vitse-prezident lavozimini egallashi shartligini aytdi. Akshenar qo‘ygan masala boshqalar tomonidan ham qabul qilindi va 12 banddan iborat kelishuv matni “Yaxshilik”, “Jumhuriyat xalq”, “Saodat”, “Da’vo”, “Kelajak”, “Demokrat” partiyalari rahbarlari tomonidan imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, muxolifat Qilichdoro‘g‘li nomzodi saylovlarda g‘alaba qozonsa, mamlakatda parlament tizimini mustahkamlash uchun Prezident vakolatlarining bir qismini cheklashni taklif qilgan.
Kamol Qilichdoro‘g‘li kim?
Kamol Qilichdoro‘g‘li hisobchi bo‘lib ishlagan va 1983 yilda Daromadlar Bosh boshqarmasida ish boshlagan. Bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan, shu muassasada bosh direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Keyin bir muddat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligida kotib o‘rinbosari o‘rinbosari lavozimida ishladi. 1999 yilda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bosh direktori lavozimidan ixtiyoriy ravishda nafaqaga chiqdi. Bir muddat Hojitepa universitetida dars bergan, “Türkiye İş Bankası” boshqaruv kengashi a’zosi bo‘lib ishlagan.
2002 yil 3 noyabrda Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan saylovlarda 22-chaqiriq Turkiya Buyuk Millat Majlisiga (Parlament) “Jumhuriyat Xalq” partiyasidan deputat etib saylangan. Parlamentdagi partiya guruhi rahbari bo‘lib ishlagan. 2010 yil 22 mayda “Jumhuriyat Xalq” partiyasi raisi etib saylangan. Hozirda ushbu lavozimda xizmat qilmoqda.
Saylov qachon?
Yanvar oyida Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari 14 may kuni o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi.
Dastlab saylovlar 18 iyunga belgilangan edi, biroq Erdo‘g‘an ovoz berish ertaroq bo‘lishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan. Uning partiyasi iyun oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar sayyohlik mavsumining eng yuqori cho‘qqisiga to‘g‘ri kelishini, shuning uchun saylovni ertaroq o‘tkazish yaxshiroq ekanini bildirdi.
Prezident Erdo‘g‘an 10 mart kuni saylovga tayyorgarlik bo‘yicha farmonni imzolashini aytdi. U e’lon qilinganidan keyin 60 kunlik saylovoldi davri boshlanadi. Bu holatda ovoz berish 14 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, muxolifat o‘rtasidagi ushbu qarama-qarshilik zilziladan keyin taqdiri savol ostida qolgan Erdo‘g‘anning kuchini yanada oshirishi, muxolifatdagi ishonchsizlik saylovchilarning ham ishonchsizligiga olib kelishi mumkin.
LiveBarchasi