Turkiya Shushada konsullik ochib, Armanistonga signal bermoqchi. Erdo‘g‘an Bakuda

Olam

image

Turkiya Ozarbayjonning 30 yil Armaniston ishg‘oli ostida bo‘lgan Shushada bosh konsullik ochishga tayyor. Bu haqda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 13 iyun kuni Bakuga tashrifi chog‘ida, ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarning ochiq qismida aytib o‘tdi. 

Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning madaniy poytaxtida Turkiya diplomatik vakolatxonasining ochilishi nafaqat Armaniston, balki butun dunyoga aniq signal bo‘ladi. 

Turkiya davlati rahbari Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini “butun dunyo uchun namuna” deb atadi. 

Siyosatchining ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik fevral oyida sodir bo‘lgan halokatli zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda namoyon bo‘lgan.  

“Ozarbayjon hukumati va xalqi Turkiyaning qayg‘usini o‘z qayg‘usidek qabul qildi. Qutqaruv guruhlari zudlik bilan falokat hududiga yetib keldi. Turkiyada yuragi hamnafas urib turgan Ozarbayjonning har bir fuqarosiga Turkiya va turk xalqi nomidan minnatdorlik bildiraman”, deydi davlat rahbari. 

Prezident Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Shusha deklaratsiyasi sharofati bilan Anqara va Baku o‘rtasidagi aloqalar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan va turk tomoni do‘st Ozarbayjon bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga bel bog‘lagan.  

“Ozarbayjon tomoni aytishi bilan biz Shushada bosh konsullik ochishga tayyormiz. Hoqon bey [Hoqon Fidan – Tashqi ishlar vaziri] bu masalani kechiktirmang. Shushada bosh konsulligimiz ochilsa, bu butun dunyoga, jumladan Armanistonga ham alohida xabar bo‘ladi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Siyosatchi Turkiya ta’lim jamg‘armasining Ozarbayjondagi faoliyatiga yana e’tibor qaratdi.  

“Kelgusi yili maktabimiz yangi kampusda ishlay boshlaydi”, deydi Prezident. 

Turkiya Prezidenti Ozarbayjon Prezidenti bilan Kaspiy dengizi orqali O‘rta transport yo‘lagi orqali yuklarni yetkazib berish masalasini, jumladan, Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining ishga tushirilishi kontekstida ham muhokama qilganini aytdi.

Ma’lumot uchun, Shusha – Ozarbayjonning madaniy poytaxti. U nafaqat Ozarbayjon yoki Qorabog‘, balki Kavkaz madaniyatining beshigi, desak xato bo‘lmaydi. Qariyb 300 yillik tarixga ega mazkur shahar 2020 yil noyabr oyida 44 kun davom etgan harbiy harakatlardan so‘ng arman istilosidan ozod etildi. Bu tarixiy adolat tantanasi edi. Ozarbayjon xalqi va Turkiy dunyo uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu shahar 2023 yil Turkiy dunyo madaniy poytaxti maqomini oldi.  


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiya-Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing