Turkiya Rossiya sabab Suriyadagi harbiy operatsiyasini to‘xtatdi
Olam
−
08 iyun 2022
13379Turkiya Rossiyaning pozitsiyasi tufayli Suriya shimoli-sharqidagi Ayn-Issa mintaqasida harbiy operatsiyani to‘xtatdi. Bu haqda “Hurriyet” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Rossiya M4 xalqaro avtomagistrali o‘tgan hududda harbiy harakatlar olib borishni ma’qullamagan. Magistral Ayn-Issadan o‘tib, sharqda Xasaka, Raqqa va Dayr-az-Zor, shimolda esa Halab shaharlarini bog‘laydi. Ta’kidlanishicha, Rossiya bu hududga yangi qo‘shimcha kuchlarni yuborgan.
“Rossiya bilan muzokaralar chog‘ida Suriyaning Raqqa shahri shimoliy chekkasidagi Ayn-Issa hududida rejalashtirilgan operatsiyaga tayyorgarlik to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi. Rossiya Ayn-Issa hududidagi operatsiyani ma’qullamagan”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning 1 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat Suriya shimolidagi Tell-Rif’at va Manbij shaharlarida 30 kilometrlik xavfsizlik zonasini yaratish uchun yangi aksilterror operatsiyasini boshlashini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, yaqin orada Turkiya Suriyaning boshqa chegaradosh hududlarini terrorchilardan tozalaydi.
Keyin Erdo‘g‘an xavfsizlik zonasini yaratish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan Rossiya va AQSHdan shikoyat qildi. Suriya Tashqi ishlar vazirligi esa Turkiyaning amaliyotlarini noqonuniy deb hisoblab, etnik tozalash bilan qiyosladi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Erdo‘g‘an 30 may kuni muzokara o‘tkazdi. Ular mintaqadagi siyosiy masalalarni muhokama qildi, ammo Kreml Suriya bo‘yicha suhbat haqida xabar bermadi.
4 iyun kuni “Anadolu” axborot agentligi manbalarga tayanib, Rossiya kuchlari o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun Suriya shimolidagi Tell-Rif’at va uning atrofidagi hududlarda razvedka o‘tkazganini xabar qildi.
Ularga ko‘ra, Rossiya Al-Qamishli aeroportida mudofaa tizimini o‘rnatishga harakat qilmoqda, shuningdek, Ayn-Issa, Tell-Tamr, Manbij, Ayn al-Arab hududlarida harbiy xizmatchilar sonini oshiryapti.