Turkiya razvedkasi rahbari Mirziyoyev qabulida bo‘ladi
Jamiyat
−
12 Sentabr
3777Bugun, 12 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya va Milliy razvedka xizmati direktori Ibrohim Qalindan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Turkiya delegatsiyasi O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 6-7 iyun kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq Toshkentga keladi.
Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar hamda tashqi siyosat, huquqni muhofaza qilish idoralari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bildirilishicha, uchrashuvlarda ikki mamlakat yetakchilarining qarorlarini amalga oshirish, xavfsizlik uchun zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda o‘zaro muvofiqlashuv va amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
“Ta’kidlash joizki, bunday formatdagi uchrashuvlar ilk bor o‘tkazilmoqda hamda O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlarida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi