Turkiya prezidentlik saylovining 2-turi nechta davlatda o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
18 may 2023
4242Joriy yilning 28 may kuni Turkiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi doirasida ovoz berish jarayoni dunyoning 73 mamlakatida tashkil etiladi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligida ma’lum qilindi.
Ovoz berish punktlari 20 maydan boshlab xorijdagi 167 nuqtada 151 nafar Turkiya vakolatxonasi tomonidan ochiladi. O‘tkazish punktida ovoz berish jarayonlari 20 maydan 28 maygacha davom etadi.
Xorijda yashovchi Turkiya fuqarolari oliy saylov komissiyasi veb-saytida (ysk.gov.tr) ovoz berish joylarining sanasi, vaqti va manzillarini bilib olishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, 20 maydan boshlab saylovning birinchi bosqichida nisbatan ko‘p ovoz to‘plagan amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an va muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li televideniye va radio orqali saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin bo‘ladi. 27 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 dan Turkiyada saylovoldi tashviqoti va cheklovlari, xususan, ichimlik shoxobchalari faoliyati va spirtli ichimliklar sotish taqiqlanadi va bu 28 may kuni soat 24:00 gacha amal qiladi.
Ikkinchi bosqichning dastlabki rasmiy natijalari 29 may kuni, yakuniy natija esa 1 iyun kuni hukumat byulletenida e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda respublika prezidentligiga uch nomzodning birortasi ham 50 foizdan ko‘proq ovoz ololmagandi. Birinchi turda Turkiyaning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,51%, muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li 44,88%, “Ajdodlar” siyosiy bloki vakili Sinan Og‘an esa 5,17% ovoz oldi. AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn qirolligi, Xitoy Xalq Respublikasi, Estoniya, Italiya, Yaponiya, Ummon sultonligi, Ispaniya, Singapur, Irlandiya, Isroil, Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Shveysariyada yashayotgan turkiyaliklarning ko‘p qismi Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjonda Erdo‘g‘anning qo‘li baland keldi. Biroq umumiy hisobda hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘plolmagach, Turkiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ahmad Yener mamlakatda prezidentlik saylovining 2-turi 28 may kuni o‘tkazilishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi