Turkiya prezidenti saylovi O‘zbekistonda qachon o‘tkazilishi aytildi
Olam
−
18 may 2023 6090 2 daqiqa
Turkiya prezidenti saylovida ikkinchi tur uchun ovoz berish O‘zbekistonda joriy yilning 20-21 may kunlari amalga oshiriladi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot bo‘yicha maslahatchisi Hamdi Turshuchu QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda bo‘lib turgan Turkiya fuqarolari 20-21 may kunlari soat 08:00 dan 22:00 gacha Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi yoki Samarqanddagi Bosh konsulligiga borib, ovoz berish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14 may kuni Turkiyada prezident va parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Turk xalqi mamlakatning 13-prezidenti va 28-parlament vakillarini saylash uchun uchastkalarga bordi. Prezident saylovi natijalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,52 %, Muharram Inje 0,43 %, Erdo‘g‘anning asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li 44,88 %, Sinan Og‘an 5,17 % ovoz to‘pladi. Turkiyadagi qonunchilikka ko‘ra, saylovda 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod g‘alaba qozonadi. Saylovning birinchi turida esa hech bir nomzod 50 foizdan ortiq ovoz to‘plamagani sabab Oliy saylov komissiyasi saylovning ikkinchi turi o‘tkazilishini e’lon qildi va u joriy yilning 28 mayiga belgilandi. Ikkinchi turda esa faqat eng yuqori ovoz olgan nomzodlar Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Kamol Qilichdoro‘g‘li ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn qirolligi, Xitoy Xalq Respublikasi, Estoniya, Italiya, Yaponiya, Ummon sultonligi, Ispaniya, Singapur, Irlandiya, Isroil, Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Shveysariyada yashayotgan turkiyaliklarning ko‘p qismi Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjonda Erdo‘g‘anning qo‘li baland keldi.
Live
Barchasi