Turkiya Netanyaxuning Ozarbayjonga parvozi uchun o‘z havo hududini ochmaydi – TIV

Olam

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Ozarbayjonga Turkiya havo hududi orqali uchishi haqida xabarlar tarqaldi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Prezidentlik Aloqa boshqarmasi esa bu haqdagi da’volarni qat’iyan rad etdi.

“Isroil Bosh vazirining samolyotiga havo hududi orqali uchish izni berilgani haqidagi da’volar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu borada bizga hech qanday rasmiy so‘rov ham kelib tushmagan”, deyiladi bayonotda.

Prezident huzuridagi Aloqa boshqarmasi ham ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Turkiya Netanyaxu samolyoti uchun havo hududini ochdi” degan xabarni inkor qilib, tegishli bayonot berdi.

“Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning 8 may kuni Ozarbayjonga amalga oshiradigan tashrifi doirasida Turkiya havo hududi orqali uchishi haqida hech qanday gap mavjud emas. Turkiya Isroilning G‘azoga qarshi olib borayotgan genotsid siyosati sababli havo hududini Isroil samolyotlariga yopgan. Turkiya Falastin xalqining adolatli kurashini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Asossiz da’volarga ishonmang”, deyiladi bayonotda.

Qayd etish joiz, 2024 yil noyabr oyida Turkiya Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzgan edi. Oradan bir muddat o‘tgach esa Isroil Prezidenti Isxak Gersog Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasiga (COP29) safarini Turkiya uning samolyotini havo hududi orqali o‘tkazishdan bosh tortgani uchun bekor qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning may oyida Binyamin Netanyaxu rasmiy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasiga tashrif buyurishi haqida xabar berilgan edi. Keyinroq uning tashrifi joriy yilning 8 may kuniga rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Aynan o‘sha kunlarda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hukumat a’zolari va yahudiylar jamoasi rahbarlari bilan uchrashishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing