Turkiya koinotga birinchi milliy kuzatuv sun’iy yo‘ldoshini uchiradi
Olam
−
10 aprel 2023 4012 1 daqiqa
Ertaga, 11 aprel kuni Turkiyaning birinchi kuzatuvchi sun’iy yo‘ldoshi IMECE koinotga uchiriladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z Twitter sahifasida ma’lum qildi.
“Bizning mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, yuqori aniqlikdagi suratga olish qobiliyatiga ega birinchi IMECE kuzatuv sun’iy yo‘ldoshimiz 11 aprel kuni o‘z orbitasiga chiqariladi. Biz resurslarimiz, imkoniyatlarimiz va texnologiyamiz bilan global kosmik poygada oldinga siljishda davom etamiz”, deb yozadi Erdo‘g‘an.

Qurilma Turkiya kosmik texnologiyalar tadqiqot instituti muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihani amalga oshirish 2017 yilda boshlangan.

Mahalliy nashrlarning xabar berishicha, joriy yilning 21 fevral kuni sun’iy yo‘ldosh AQSH harbiy-havo kuchlari bazasiga yuborilgan. Biroq Qahramonmarashdagi zilzilalardan keyin mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat tufayli marosim o‘tkazilmagan.

Ma’lumot uchun, IMECE – TÜBİTAK Uzay kosmik texnologiyalar tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan Yerni kuzatish sun’iy yo‘ldoshi. U 680 km balandlikda quyosh bilan sinxron orbitaga chiqarilsa, qurilma yuqori aniqlikdagi tasvirlarni batafsil suratga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Sun’iy yo‘ldosh mudofaa sektori ehtiyojlari, tabiiy ofatlarni boshqarish va iqlim o‘zgarishini kuzatish uchun ma’lumot to‘playdi. Uning xizmat qilish muddati besh yilni tashkil qiladi.
Live
Barchasi