Turkiya Interpoldan Netanyaxuni xalqaro qidiruvga berishni so‘radi
Olam
−
22 avgust 1283 2 daqiqa
Turkiya Adliya vazirligi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan Interpol orqali “qizil bildirishnoma” chiqarishni so‘radi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Turkiyaning bunday qaroriga Istanbul Oliy jinoiy sudining joriy yilning iyul oyida Netanyaxuni hibsga olish haqida chiqargan orderi sabab bo‘lgan. Turkiya Adliya vaziri Oqin Gyurlekning aytishicha, sud Netanyaxu va Isroil harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Afek Moskovichni bir xalqni yo‘q qilishga urinish, insoniyatga qarshi jinoyatlar va qiynoqlarda ayblab, hibsga olish haqida order bergan.
Gap G‘azoga gumanitar yordam olib borishga uringan “Global Sumud Flotilla” (GSF) insonparvarlik flotiliyasi faollarining hibsga olinishi haqida ketmoqda. O‘tgan yilning kuzida Isroil harbiylari G‘azo sohiliga yetib borishiga bir necha soat qolgan flotiliyani to‘xtatgan. O‘shanda qariyb 70 kishi hibsga olingan. Ular orasida shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunberg ham bo‘lgan. U keyinchalik deportatsiya qilish uchun portga olib ketilgan.
“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Turkiyaning bu ishi jami 35 kishiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi doirasida olib borilmoqda.
Flotiliya tashkilotchilari Isroil harakatlarini noqonuniy deb atagan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa flotiliya HAMAS bilan aloqador ekanini bildirgan. Isroil tomoni Turkiyaning ayblovlarini rad etgan.
Turkiya Adliya vazirligi endi Interpol orqali Netanyaxuni xalqaro qidiruvga berish uchun “qizil bildirishnoma” chiqarilishini so‘ramoqda. Bunday bildirishnoma shaxsni topish va vaqtincha hibsga olishni so‘rash uchun yuboriladi. Biroq Interpolning o‘zi hech bir davlatni bironta shaxsni hibsga olishga majburlay olmaydi. Tashkilot avval Turkiyaning so‘rovini ko‘rib chiqadi, shundan keyin bildirishnoma chiqarish masalasini hal qiladi.
Netanyahuning idorasi Turkiyaning bu harakatini tanqid qilib, uni hech qanday natija bermasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-York shahri meri Zohron Mamdoni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu shaharga tashrif buyurgan taqdirda uni hibsga oldirish bo‘yicha mustaqil huquqiy vakolatga ega emasligi haqida ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi