Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun 10 ta shart qo‘yadi – OAV
Olam
−
18 may 2022
12109Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaga ushbu davlatlar NATOga a’zo bo‘lish shartlari ko‘rsatilgan manifest berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Sabah” nashri xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, Anqara 10 ta talabni ilgari surib, ular bajarilgan taqdirda Finlyandi va Shvetsiyaning NATOga kirishi uchun roziligini beradi. Turkiyaning talablari quyidagilar:
• Xelsinki va Stokgolmning Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) maqomi borasidagi pozitsiyasiga oydinlik kiritish: Turkiya ushbu tashkilot va uning filiallarini terrorchi deb tan olishni talab qiladi;
• PKK a’zolarini ikki davlat parlamentlariga qabul qilishdan bosh tortish;
• ISHIDga qarshi kurash bahonasida kurd tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish;
• PKK rahbariyati bilan aloqa qilishdan qochish;
• “Xizmet” tashkiloti (FETO, Turkiyada ham terrorchi tashkilot sifatida tan olingan) tarafdorlari tomonidan tarqatilayotgan dezinformatsiyani bostirish;
• Anqara talabiga binoan “terrorchilar”ni ekstraditsiya qilish tartibini tezlashtirish;
• Turkiya xavfsizligiga qarshi qaratilgan “ittifoq ruhiga zid” harakatlardan voz kechish;
• terrorizmga qarshi kurash sohasida Anqara bilan yaqin hamkorlik mexanizmini yaratish tashabbusi;
• “Terrorchi tashkilotlar”ning Shvetsiya va Finlyandiyadagi bank hisoblarini bloklash;
• bunday tashkilotlar tomonidan NNT niqobi ostida mablag‘ yig‘ilishining oldini olish.
“Bloomberg” shuningdek, Turkiya AQSHdan Rossiyaning S-400 larini sotib olish bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishni hamda Shvetsiya va Finlyandiyaning Shimoliy Atlantika alyansi tarkibiga qo‘shilishini ma’qullash evaziga Anqarani F-35 samolyotlarini tayyorlash dasturiga qaytarishni talab qilayotganini xabar qildi.
Turkiya, shuningdek, AQSHdan o‘nlab F-16 jangovar samolyotlarini va o‘zida mavjud bo‘lgan qiruvchi samolyotlarini modernizatsiya qilish uchun ehtiyot qismlarni sotib olmoqchi.
Rasmiylar, shuningdek, ikki shimoliy davlatdan 2019 yilda Suriyadagi harbiy operatsiya sabab Turkiyaga qurol yetkazib berish bo‘yicha kiritilgan cheklovlarni bekor qilishni istamoqda.
Avvalroq Qo‘shma Shtatlar Turkiyaga Anqara Rossiyaning S-400 havo mudofaa tizimlarini sotib olgani sababli so‘nggi F-35 qiruvchilarini yetkazib berish dasturidan chiqarilishi haqida rasmiy xabarnoma yuborgan edi. Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘an keyinroq AQSHning boshqa qiruvchi samolyotlarini, beshinchi emas, to‘rtinchi avlod – F-16 ni sotib olish taklifini e’lon qildi. Bu masala ham AQSH Kongressida kelishib olinishi kerak.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi.
LiveBarchasi