Turkiya Britaniyadan qiruvchi samolyotlar sotib oladi
Olam
−
28 Oktabr 2025 2703 2 daqiqa
Turkiya Buyuk Britaniya bilan 20 ta yangi Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha 9 milliard yevrolik shartnoma imzoladi. Bu haqda “Hurriyet” xabar berdi.
Bitim Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning Anqaraga ilk rasmiy tashrifi chog‘ida tuzilgan. Starmer Turkiyaning bu qarorini olqishlab, mamlakatlar yanada yaqinlashganini ta’kidlagan.
“Biz Yevropaning turli burchaklarida joylashgan bo‘lishimiz mumkin, ammo bugun biz har qachongidan ham yaqin hamkorlardirmiz. Bu bitim NATO xavfsizligini mustahkamlaydi, ikki tomonlama mudofaa hamkorligini chuqurlashtiradi va iqtisodiy o‘sishga turtki beradi. Shuningdek, 20 mingta britaniyalik uchun ish o‘rinlari yaratadi. Men faxrlanaman. Britaniyaning qiruvchilari Turkiya harbiy-havo kuchlarining ajralmas qismiga aylanadi”, degan Starmer.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa bitimni “ikki yaqin ittifoqchi o‘rtasidagi strategik aloqalarning yangi ramzi” deb atagan.
Starmerning aytishicha, kelajakda samolyotlar sonini oshirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joiz, bu 2017 yildan beri Britaniya qiruvchilari uchun birinchi yirik buyurtma bo‘lib, Turkiyaning harbiy-havo kuchlarini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Umuman olganda, Turkiya so‘nggi vaqtlarda dunyo mamlakatlari bilan mudofaa sohasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Joriy yilning iyul oyida Anqara va London Eurofighter samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvni imzolagan edi. Ularni Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Ispaniyaning hamkorligida ishlab chiqaruvchi BAE Systems kompaniyasi boshqaradi. Bitim Germaniya bu savdoga qarshi chiqmasligini bildirganidan so‘ng tuzilgan.
Turkiya bundan tashqari Qatardan 12 ta va Ummondan 12 ta ishlatilgan Typhoon samolyotlarini ham sotib olishni rejalashtirmoqda. Mamlakatning bu qadamlari katta ehtimol bilan Isroil bilan yaqinlashib kelayotgan urushga darak beradi. Shu sababdan ham Turkiya o‘z mudofaasini kuychaytirayotgan bo‘lishi mumkin.
Bu qurollardan tashqari, Anqara AQSHning F-35 dasturiga qaytishni ham istamoqda. Turkiya 2019 yilda Rossiyaning C-400 mudofaa tizimini sotib olgani sabab dasturdan chiqarilgan edi.
Erdo‘g‘an yaqinda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uydagi uchrashuvda F-35 samolyotlari savdosini ham muhokama qilgan.
Live
Barchasi