Turkiy davlatlar tashkilotida u yoki bu davlatning gegemonligi yo‘q – Bag‘dod Amriyev

Olam

image

Bugun Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyati xususida ommaviy axborot vositalarida maqolalar soni tobora ortmoqda. Ayniqsa, Rossiya va g‘arb matbuotida tashkilot haqida turli fikrlar yagramoqda. Ular orasida Turkiy davlatlar tashkiloti nomi bilan boshqa davlatlar ishiga burun suqish, harbiy tuzilma tashkil etish, g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish haqidagi fikrlar anchayin jarangdor va o‘ylashga majbur qiladi. Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amriyev “Exclusive” nashriga bergan intervyusida aynan shubha va gumonlar ustiga qurilgan farazlarni yo‘qqa chiqargan.  

“Yo‘q. Mamlakatlarimiz boshqa qardosh davlatlarning ichki siyosiy jarayonlariga ta’sir o‘tkazishga intilmagani uchun xalqaro turkiy omil mamlakatlarimizdagi ichki siyosiy jarayonlarga, jamoatchilik fikriga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi. O‘zbek, qozoq yoki turklar boshqa turkiy davlatlarning ichki ishlariga aralashganini eshitmaganman. Hech qanday bahona bilan ularning ta’sirini yoyish, o‘z qadriyatlarini singdirish, o‘z g‘arazli manfaatlarini ko‘zlash urinishlari yo‘q”, deydi Amriyev. 

Turkiy davlatlar tashkiloti atrofidagi gap-so‘zlar orasida tashkilot u yoki bu davlat manfaatlaridan kelib chiqib faoliyat yuritishi haqidagi fikrlar ham yo‘q emas. Xo‘sh, bunda gegemonlik kimning qo‘lida bo‘lishi mumkin? Amriyev savolga quyidagicha javob bergan: 

“Turkiy davlatlar tashkilotida u yoki bu davlatning gegemonligi, bir-biriga da’vogarligi, bir-birining ichki ishlariga aralashish niyati mutlaqo yo‘q. Aksincha, har bir davlatning suvereniteti Tashkilotning barcha mamlakatlari uchun inkor etib bo‘lmaydigan va muqaddasdir. 

Ishoning, Turkiy davlatlar tashkiloti aslida manfaatsiz, do‘stona va qardosh davlatlar ittifoqidir. Bu turkiy jamiyatimizning eng muhim afzalliklaridan biri, deb hisoblayman”, deydi Amriyev.

Amriyev intervyuda Tashkilotda yana 15 mamlakat kuzatuvchi maqomini olmoqchi ekani haqida ham gapirgan. Shuningdek, tashkilot harbiy tuzilmaga aylanmasligi, bunga ehtiyoj yo‘qligiga ham aniqlik kiritgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga 2009 yilda Naxichevan bitimi bilan Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Qirg‘iziston boshchiligida asos solindi. O‘zbekiston oradan 10 yil o‘tib, 2019 yilning sentyabr oyida Kengash a’zoligiga kirdi. 2021 yilning noyabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Kengash nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirildi va Turkmaniston kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Ayni vaqtda tashkilot bayrog‘i Yevropada ham hilpiramoqda. Vengriya allaqachon ushbu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. 


Maqola muallifi

Teglar

Bag'dod Amriev

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing