Turkiy davlatlar futbol bo‘yicha xalqaro turnir tashkil qilmoqchi

Sport

−

image

Turkiyada turkiy davlatlar o‘rtasida qo‘shma futbol turniri tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu haqda Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Partiya) rais o‘rinbosari Kurshad Zorlu ma’lum qildi.

Zorlu turkiy dunyo yoshlari uchrashuvida so‘zga chiqib, turkiy davlatlar yoshlariga qaratilgan ikkita muhim loyiha haqida gapirgan.

Uning aytishicha, Turkiyada to‘p surayotgan turkiy davlatlar vakillarini legionerlar emas, balki turk futbolchilari sifatida hisobga olish masalasi ustida ish olib borilmoqda. Bu masala Turkiya futbol federatsiyasi prezidenti bilan ham muhokama qilingan.

Zorluning aytishicha, yana bir loyiha doirasida Turkiya futbol federatsiyasi har ikki yilda bir marta barcha turkiy davlatlar ishtirokida “Turkiya kubogi” futbol musobaqasini tashkil etishi mumkin. Bu boradagi ishlar Yoshlar va sport vazirligi bilan hamkorlikda boshlangan.

“Xudo xohlasa, Turkiya futbol federatsiyasi har ikki yilda bir marta “Turkiya kubogi” nomi ostida barcha turkiy davlatlar uchun qo‘shma futbol turnirini tashkil etadi. Biz bu boradagi sa’y-harakatlarni Yoshlar va sport vazirligimiz bilan birgalikda boshlayapmiz”, deydi u.

Zorluning fikricha, tashabbus faqat futbolchilar maqomini o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. Loyihalar orqali 200 milliondan ortiq aholi yashaydigan turkiy dunyo hududida yosh iste’dodlarni aniqlash va ularni rivojlantirish imkoniyati kengayadi.

Uning bildirishicha, yosh futbolchilarni o‘z mamlakatlarida tayyorlash orqali milliy terma jamoalarning Yevropa chempionati, jahon chempionati va boshqa xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevlarning Turkiyada mahalliy futbolchi maqomini olishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing