Turkiylarda nima gaplar?

Tahlil

Turkiy olamda siyosiy kuch muvozanati o‘zgarib bormoqda – davlatlar hamkorlik orqali global raqobat sharoitida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda. Turkiy dunyoda va qo‘shni mamlakatlarda yuz berayotgan so‘nggi voqealar, siyosiy jarayonlar va mintaqaviy o‘zgarishlarni, shuningdek davlat amaldorlarining qilayotgan ishlarini tahlil qilish uchun “Turkiy dayjest” loyihasini boshladik.  Biz bu jarayonlarni tahlil qilish orqali ularning strategik ahamiyati va umumturkiy birlik nuqtayi nazaridan muhimligini ochib berishga harakat qilamiz. Demak, boshladik.

Markaziy Osiyo rahbarlari Amerikaga boradi

AQSH Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Xyoyzenga Prezident Donald Trampga diplomatik forumning 10 yilligi munosabati bilan Vashingtonda S5+1 sammitini o‘tkazishga chaqirgan maktub yo‘lladi.

Maktubda kongressmenlar forumning yubileyi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash va AQSHning mintaqadagi xavfsizlik, iqtisodiyot, yumshoq kuch va boshqaruv sohalarida strategik manfaatlarini ilgari surish uchun noyob imkoniyat ekanini yozgan.

Qonunchilar, shuningdek, ma’muriyatni Markaziy Osiyo bilan uzoq yillik hamkorlik yo‘nalishlarini mustahkamlovchi aniq sammit natijalari va kelishuvlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Ushbu maktubni olishi bilanoq, Tramp darhol Markaziy Osiyo rahbarlariga sammitni o‘tkazaylik deb taklif berdi. Endi uchrashuv ham bo‘ladi. U joriy yilning 6 noyabr kuni Vashingtonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

S5+1 formati aslida 2015 yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvidan so‘ng tashkil etilgan va 2023 yilning 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezidentlar uchrashuviga qadar tashqi ishlar vazirlari darajasida o‘tkazilgan. Ushbu tashabbus doirasidagi muhokamalarning asosiy yo‘nalishlari xavfsizlik, iqtisodiyot va ekologiya hisoblanadi.

2024 yilning 27 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 79 yillik sessiyasi doirasida S5+1 mintaqaviy diplomatik platformasi shafeligida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari hamda AQSHning sobiq davlat kotibi Blinken o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Ishtirokchilar o‘shanda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transmilliy va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda radikallashuvga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirish va muvofiqlashtirish zarurligiga kelishib olgan.

O‘zbekistonliklar Ukrainada “yem bo‘lmoqda”

Rossiyaga ish izlab ketayotgan o‘zbekistonliklarning Ukrainaga qarshi Kreml olib borayotgan urushda halok bo‘lishi, Rossiya harbiylari tomonidan turli qiynoqlarga solinib, qo‘rqitilib, urushga safarbar qilinishi va oxir oqibat hech tayyorgarlik ko‘rmagan yosh yigitlarning, oilasini boqaman deb borganlarning hayoti o‘zga yurtda o‘lim bilan tugamoqda.

Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari safida yollanib, halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan navbatdagi 481 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qildi. Loyihaga ko‘ra, halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolganlarning haqiqiy soni bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.  Aytilishicha, O‘zbekiston hozirda Rossiya Qurolli kuchlarida xorijiy yollanma askarlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Loyiha bergan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilda 498 nafar, 2024 yilda esa yana 941 nafar o‘zbekistonlik shartnoma imzolagan. 2025 yilning dastlabki olti oyida Rossiya Qurolli kuchlari bilan urushga qariyb 1300 nafar o‘zbekistonlik fuqaro ketgan. Ko‘rayotgangizdek, o‘zini pul uchun o‘zga yurtga qarshi qurol ko‘tarayotganlar soni yil sayin oshmoqda.

Eng qizig‘i, O‘zbekiston xorijiy harbiy asirlar orasida muntazam ravishda birinchi o‘rinda turishi aytiladi. 2025 yilda Rossiyaga 1,8 million o‘zbekistonlik borgan. Ularning aksariyati mehnat migranti sifatida rus yerlariga qadam qo‘ygan, ammo hammasi ham ish topa olmagan. Buning ortidan, o‘zbekistonliklar Rossiya istilochi armiyasi uchun “yem bo‘lib qolishda” davom etmoqda.

Japarov yana uzr so‘raydimi?

25 oktyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov jiyanining to‘yini 1-sonli “Ala-Archa” davlat qarorgohida o‘tkazdi. Prezidentning jiyani va asrab olgan o‘g‘li bo‘lmish Danadil Japarovning nikoh to‘yi kichik tadbir sifatida o‘tkazilgan. Marosimda yuqori martabali amaldorlar, jumladan, siyosatchilar, biznes vakillari va kelinning oila a’zolari ishtirok etgan. Mehmonlarga mobil telefonlar va ovoz yozish moslamalaridan foydalanish taqiqlangan. Shuningdek, to‘yga ketgan barcha xarajatlarni davlat rahbarining oilasi qoplagan. Ammo bu pullar miqdori noma’lum.

Danadil Japarov tanlagan qiz Issiq-Ko‘l viloyatining Yetti-O‘g‘uz tumanida joylashgan qishloqlardan birida yashaydi. Kelin oddiy oilada o‘sgan, otasi yo‘q, onasi esa o‘qituvchi. Japarov jiyanining tanlovini shaxsan ma’qullab, qizning kambag‘al oiladan bo‘lgani va kamtarligi bilan ajralib turgani uchun unga qoyil qolganini ta’kidlagan.

Hozircha Prezident ma’muriyati bu borada rasmiy izoh bermagan.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning 24 iyun kuni Qirg‘izistondagi Oruu-Say darasida Japarovning 23 yoshli jiyani Lazzat Nurkojoyevaning “Marry me” marosimi bo‘lib o‘tgandi. Marosimdan olingan videoni Nurkojoyevaning o‘zi Instagramʼdagi sahifasiga joylashtirgan. Videoda bo‘lajak kelin-kuyov daraga FVVga tegishli bo‘lgan vertolyotda uchib kelgani, u yerda hashamatli qilib bezatilgan platformaga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.  Mazkur holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin tanqidlariga sabab bo‘lgandi, ular Nurkojoyevani oilaviy aloqalaridan foydalanishda ayblagandi. 

Qirg‘iziston FVV vertolyotlarni rasman ijaraga beradi. Vertolyotning bir soatlik ijara narxi – 185 ming som (ya’ni, 2000 dollardan ortiq). Prezident Japarov esa o‘z izohida vertolyotlarni ijaraga berishdan keladigan pullar byudjetga tushishini, bu pullar evaziga FVV vertolyot parki yangilanishini urg‘uladi. Shu bilan birga, u o‘z oilasi a’zolari pul sarflashda o‘zini tiyishi lozimligini qayd etib o‘tgan. Prezident o‘shanda shunday degandi:

“Mamlakat rahbariyatiga yaqinlar boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Men isrofgarchilikka chek qo‘yish lozimligi haqida ko‘p takrorlayman. Hech bo‘lmaganda, bo‘lajak kuyov meni qo‘llab-quvvatlab, qo‘lni bunday so‘rashdan oldin o‘ylashi kerak edi. U tanqidga uchramaslikka, Prezidentni noqulay holatda qoldirmaslikka harakat qilishi lozim edi. O‘ylaymanki, u yoshlik qilgan. Agar u kelib, uning qo‘lini oddiygina so‘raganida ham uni rad qilishmasdi”.

Japarov yaqinlariga qattiq talablar qo‘yishi, ularni hamisha o‘tmishdagi xatolarni qilmaslikka, davlat ishlariga aralashmaslikka chaqirishini ta’kidlagandi.

“Men boshqalarni tanqid qilardim. Endi bu holat o‘zimga qaytib keldi. Jiyanim uchun xalqdan uzr so‘rayman. U odamlarning fikrini ham tinglaydi. Bu vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishiga ishonaman. Qolaversa, u o‘zining yangi hayotini boshlab, oila qurmoqchi va kelajakda uning har bir harakati oqilona bo‘lishiga umid qilaman”, degan edi Qirg‘iziston Prezidenti.

To‘ydan 1 oy o‘tar o‘tmas Prezidentning dabdabali “Marry me” qilgan bo‘lajak kuyovi Aftandil Sabirbekov giyohvand moddalarni sotishda gumon qilinib hibsga olindi. U tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

Prezident elektr uzilishidan nolimaslikni so‘radi

Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov jiyani Danadilning to‘yini qarorgohda nishonlab bo‘lgach, ikki kun o‘tib 27 oktyabr kuni Jalolobod viloyatiga bordi va u yerda  Qorako‘l GESning ochilish marosimida so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida xalqidan elektr uzilishidan nolimaslikni so‘radi.

“Qishda elektr ta’minotidagi uzilishlardan nolimaylik. 30 yil chidadik, yana 2,5 yil chidaymiz”, deydi u.

Uning aytishicha, GESning ishga tushirilishi mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

“Biz barqaror energiya ta’minotini ta’minlaymiz va qishki tanqislikni bosqichma-bosqich bartaraf qilamiz. Ikki yarim yildan keyin Qirg‘iziston elektr energiyasini import qilishni to‘xtatadi. Biz ishlab chiqarayotgan energiya ichki ehtiyojni to‘liq qoplaydi”, dedi u.

Prezident GES qurilishi belgilangan muddatdan besh oy oldin yakunlanganini ta’kidladi. Loyiha to‘liq mahalliy “Jagalmay” kompaniyasi tomonidan milliy resurslardan foydalangan holda amalga oshirilgan.

Sadir Japarovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda respublikada 40 ga yaqin kichik va o‘rta GES, shuningdek, Qora-Kecheda yangi IES qurilmoqda. Bu stansiyalar ishga tushgach, Qirg‘iziston nafaqat importni yo‘q qilish, balki elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qorako‘l gidroelektrstansiyasi Qorasuv daryosida qurilgan bo‘lib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. 15 yillik faoliyatdan so‘ng ob’ekt davlat mulkiga o‘tkaziladi.

Itni siylab, inson qadrini unutgan Turkmaniston

Itning qadri bor-u, odamning qadri yo‘qmi? Turkmaniston hayvonni siylashni bilibdi-yu, ammo insonning qadrini unutganga o‘xshaydi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, joriy yilning 15 oktyabr kuni Lebap viloyatining Turkmanobod shahrida xavfsizlik kuchlari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov korteji sabab yo‘llarni to‘sib qo‘ygani ortidan yetti oylik homilador ayol shifoxonaga kirolmay vafot etgandi.

Ayolning eri uni shifoxonaga olib ketayotgan edi, biroq ularni yo‘lda xavfsizlik kuchlari to‘xtatib, o‘tishga ruxsat bermagan. Erkak xavfsizlik kuchlariga tiz cho‘kib yolvorishgacha borgan, insongarchilikni unutgan xavfsizlik xodimlari esa xiyobonlar orqali tuman tibbiyot birlashmasiga piyoda borishni aytgan. Qornida homilasi bor ayol erining qo‘lida halok bo‘lgan.

Xavfsizlik xodimlari erkakning oldiga borib, ayolining Prezident korteji sabab vafot etganini sir saqlashni talab qilgan. Mahalliy aholining xabar berishicha, oilaning uyi xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘riqlanmoqda, Prezident Berdimuhamedovga shikoyat qilib, adolat izlashini, shuningdek, voqea haqida OAV va BMTga xabar berishini aytgan marhumaning turmush o‘rtog‘iga esa tahdidlar bo‘lgan.

26 oktyabr kuni esa Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov “Yilning jasur turkman alabayi” unvoniga sazovor bo‘lgan alabay zotli Vepali laqabli it va uning kinologiga avtomobil sovg‘a qildi. Uning homilador ayolning ayanchli o‘limi haqida haqida xabari bormi yoki yo‘q, hech kim bilmaydi.

Itning mashina bilan siylanishiga hech kim ajablanmasa ham kerak. Negaki o‘zini dunyodan yakkalab qo‘ygan bu mamlakat rasmiylari itni shu qadar sevadiki, hatto unga 2020 yilda oltindan yodgorlik ham o‘rnatilgan.

Turkiyadagi mehmonxona yong‘ini ortidan 11 kishi umrbodga qamaldi

Joriy yilning yanvar oyida Turkiyaning Bolu viloyatidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi 12 qavatli “Grand Kartal” mehmonxonasida yirik sodir bo‘lgandi. Yong‘in mehmonxonaning restoranida boshlangan va u 78 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Xususan, unda turkiyalik teleboshlovchi Nedim Turkman ham halok bo‘lgandi. Jurnalist oilasi bilan ta’tilda bo‘lgan. Uning rafiqasi Oysha Neva va ikki farzandi –18 yoshli qizi Ala Dora va 22 yoshli o‘g‘li Yuje Ata ham yong‘inda halok bo‘lgan. Faqat uchinchi qizi Pelin Turkman tirik qoldi. U oilasining janozasida ishtirok etdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an Boluda yuz bergan yong‘in oqibatida oila a’zolarini yo‘qotgan Gultekin oilasiga hamdardlik bildirish uchun ushbu viloyatga tashrif buyurgandi. Erdo‘g‘an hamdardlik izhoridan keyin dafn marosimida ishtirok etdi va ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Halok bo‘lganlar orasida 34 nafar bola bor – yong‘in maktab ta’tilida, Istanbul va Anqaradan ko‘plab oilalar chang‘i uchish uchun tog‘larga yo‘l olgan paytda sodir bo‘lgan. Yana 137 kishi jarohatlangan.

31 oktyabr kuni yong‘inda ayblangan  11 kishi umrbodga qamaldi, ulardan biri mehmonxona egasi Halit Ergul. Hali yong‘in yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda. Ushbu jinoyat ishida 32 nafar ayblanuvchi bor, ulardan 20 nafari tergov hibsxonasida.

Ayblanuvchilar orasida Halit Erguldan tashqari mehmonxona direktorlar kengashi a’zolari, menejerlari va xodimlari, shuningdek, shahar hokimi o‘rinbosari va yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari bor.

Mustaqil ekspertlar Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi mehmonxona yong‘in xavfsizligi bo‘yicha asosiy choralarni ko‘rmaganini ma’lum qilgan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidan chegarachilar butunlay olib chiqilishi mumkin

30 oktyabr kuni Manas shahrida bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar Chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari kengashining 91-yig‘ilishi chog‘ida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarada doimiy chegara o‘rnatish zarurati tez orada yo‘qolishi mumkinligini aytdi. Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon ikki mamlakat aholisi “faqat do‘stlik kayfiyatida yashashi” uchun sharoit yaratish ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 25 oktyabr holatiga ko‘ra, Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida keng ko‘lamli muhandislik ishlari yakunlangan: 107 kilometrdan ortiq sim, temir-beton ustunlar, tikanli simlar, 3D to‘siqlar o‘rnatilgan, 143 kilometrdan ortiq yo‘l qurilgan. Chegarachilarning olib tashlanishiga oid boshqa tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan.

Somoniy muzligining katta qismi parchalanib ketdi

Tojikistonning Tojikobod tumani hududidagi Safedobi qishlog‘i yaqinida Ismoil Somoniy muzligidan yirik parcha ajralib tushdi. 25 oktyabr kuni ajralib tushgan muz massasi taxminan 2 kilometr uzunlikda, 25 metr balandlikda va 200 metr kenglikda bo‘lib, daraga qarab pastga siljigan. Halok bo‘lganlar va jiddiy vayronagarchiliklar qayd etilmagan. Biroq mutaxassislar uzoq davom etayotgan yomg‘irlar va yangi muz bo‘laklarining ajralib tushish ehtimoli sababli suv toshqinlari hamda ko‘chkilarning yuzaga kelish xavfi borligidan ogohlantirmoqda. Ayniqsa, Gulrez qishlog‘i atroflarida bu holat qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazishi mumkin.

Hozircha yetkazmoqchi bo‘lganlarimiz shular edi. Turkiy dunyo va Markaziy Osiyoni biz bilan kuzatishda davom eting.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Qirg'iziston BMT Turkmaniston Markaziy Osiyo Sadir Japarov Serdar Berdimuhamedov It

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing