Turkistonda O‘zbekiston madaniy merosi taqdimoti o‘tkazildi

Jamiyat

Bugun, 26 oktyabr kuni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida barqaror turizm, ziyorat va diniy qadamjolar turizmi va madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilishga bag‘ishlangan konferensiya ish boshladi. Konferensiya 20 ta davlatdan tashrif buyurgan 400 dan ortiq vakillarni o‘zida jamladi. Unda QALAMPIR.UZ muxbiri ham ishtirok etdi. 

Ushbu konferensiya ochilish marosimida Turkiston viloyati hokimi, Qozog‘iston Prezidenti Administratsiyasi va hukumati vakillari, xalqaro moddiy va nomoddiy madaniy meros tashkilotlari a’zolari ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Temur Mirzayev O‘zbekiston nomidan ishtirok etdi va O‘zbekistonning jahonga mashhur tarixiy va diniy obidalari taqdimotini namoyish qildi. Shuningdek, Mirzayev matbuot anjumanida ishtirok etib, O‘zbekiston turizm va madaniy meros vaziri – Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning konferensiyaga murojaatini o‘qib eshittirdi. 

Konferensiya jarayonidagi matbuot anjumanida xorijiy institutlar vakillari o‘z fikrlarini ommaviy axborot vositalari bilan bo‘lishdi. Unda ishtirok etgan UNESCO vakili professor James Rip konferensiya faqatgina Turkiston shahrini qamrab olmasligi, umumiy qadriyatlarga ega Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi haqida aytib o‘tdi:

“O‘ylashimcha, ushbu konferensiya butun Markaziy Osiyo mintaqasida madaniy va diniy turizm yo‘nalishidagi aloqalarni yana bir bor ta’kidlab o‘tish uchun katta bir imkoniyatdir. Hech shubhasiz aytishimiz mumkinki, mintaqada ipak yo‘li bo‘ylab keng aloqalar tomir yoygan. Bu esa ushbu bo‘lib o‘tayotgan konferensiya misolida mintaqaning mashhur tarixiy va diniy yodgorliklarini va shaharlarini bir tarmoqqa ulash va bu boradagi harakatlarni tizimlashtirishga yordam beradi”. 

Turkiston konferensiyasi davomida UNESCO vakillari va turli xalqaro madaniy meros institutlari a’zolari ishtirokida me’morandumlarni imzolash marosimi o‘tkazildi. Xalqaro tashkilotlar shafeligida madaniy va nomoddiy meros yodgorliklari, ziyorat turizmi ob’ektlarini muhofazaga olish va holatini saqlab qolish borasida muhim hujjatlar imzolandi. Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari madaniyati va tarixiga aloqador bo‘lgan ulug‘ mutafakkir Ahmad Yassaviy me’moriy yodgorligi va uni muhofaza qilish bo‘yicha yangi dastur tatbiq etildi.  

Eslatib o‘tamiz, Turkiston shahridagi xalqaro konferensiya 26-28 oktyabr kunlari davom etadi. Tadbir yakunida OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing