Turizm sohasi Aziz Abduhakimovga ota merosmi?
Jamiyat
−
29 iyul 2023
10412O‘zbekistonda turizm sohasi bir qo‘shilib, bir ayrilib, bir tugatilib va yana qayta tashkil etilaverib charchamadi. Odamlar tugul biz jurnalistlar ham bugun turizm sohasiga kim mas’ulligini anglolmay chalkashib ketyapmiz. Buning ustiga, turizm sohasi xuddi Aziz Abduhakimovga "qadastr" qilingandek. Aylanib ham, o‘rgilib ham bu soha uning qo‘liga o‘tib qolaveradi. Gap nima haqida ketayotganini hozir boshidan tushuntirib beramiz.
1992 yil 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tashkil etilgan. Bu kompaniya 2016 yilgacha, ya’ni 25 yil davomida biror marta o‘zgarmadi va turizm sohasida respublikaning yagona siyosatini yuritib keldi. Hammasi esa 2016 yildan boshlandi.
2016 yilning 2 dekabr kuni O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilishga 25 yil davomida javobgar bo‘lib kelgan yagona tashkilot “O‘zbekturizm” kompaniyasi tugatilib, uning o‘rniga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi. 2017 yilning avgust oyidan boshlab mazkur qo‘mitaga rais etib o‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri bo‘lib ishlayotgan Aziz Abduhakimov tayinlandi. Lekin u bu lavozimda faqat yarim yilgina, ya’ni 2018 yilgacha o‘tira oldi, xolos.
2020 yilga kelib Aziz Abduhakimov yana o‘zining qadrdon kursisiga qaytdi, Turizm qo‘mitasi raisi bo‘ldi. Ammo 2021 yilning aprel oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasini Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan qo‘shib yuborib, ular negizida butun boshli Turizm va sport vazirligi tashkil qilindi. Xo‘p, uning vaziri kim bo‘ladi endi? Topdingiz, Aziz Abduhakimov. Ammo o‘sha paytda turizm sohasi bilan sportning nima dahli bor, nega ikkalasi bitta vazirlik bo‘lyapti, degan savolni tepada o‘tirganlarning hech qaysi ko‘tarmadi.
2022 yilning 18 fevralida prezident turizm sohasiga oid yana yangi farmonni imzoladi. Farmoni bilan vazirlik tarkibidan sport sohasi ajraldi va alohida Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil qilindi.
Turizm sohasi ham yetim bo‘lib qolmadi, u endi Turizm va madaniy meros vazirligi deya atala boshlandi. Nom o‘zgardi, yo‘nalish ham biroz o‘zgardi, lekin vazir o‘zgarmadi. Aziz Abduhakimov turizm va madaniy meros vaziri bo‘lib qolaverdi. Buni qarangki, tinchimagan turizm yana 10 oy o‘tib o‘zgardi.
2022 yilning oxirida, 23 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ma’muriy islohotlarni amalga oshirishga doir farmonni imzolab, unga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniyat vazirligi qo‘shib yuborilib, ular negizida Madaniyat va turizm vazirligi tashkil etildi. Buni qarangki, bu safar vazir bo‘lib Aziz Abduhakimov emas, Ozodbek Nazarbekov taxtda qoldi. Abduhakimov uchun esa Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi negizida yap-yangi Tabiat resurslari vazirligini ochib berishdi. Ko‘p o‘tmay bu vazirlikning nomi ham o‘zgarib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi etib belgilandi. Shunday qilib, six ham kuymadi kabob ham.
“O‘rtasarson” turizmga nima bo‘ldi, deyotgandirsiz? Ozodbek Nazarbekov bu sohani yarim yil boshqarganidan so‘ng mana kechagina, 27 iyul kuni O‘zbekiston prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi va farmon bilan turizm sohasi Nazarbekovdan “olib qo‘yildi”.
Kimga berildi – Aziz Abduhakimovga!
Bu safar “o‘rtasarson” turizm sohasi ekologiya yo‘nalishiga qo‘shvorilib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida Turizm qo‘mitasi qaytadan tashkil qilindi. Turizm sohasi bilan ekologiya bir-biriga qanchalik yaqin bu so‘roq ostida. To‘g‘ri, bugun turizmga rais etib Umid Shodiyev tayinlangan, lekin baribir tepasida o‘tirgan Abduhakimovning o‘zida. Tez kunda turizm yana o‘zgarib, yoki alohida vazirlik bo‘lib qolsa ham hayron qolmang, xullas. Bu unga tekkan kasal. 25 yilda biron marta o‘zgarmagan soha, o‘tgan 7 yilda naq 5 marta qo‘shildi, ayrildi, tugatildi va o‘zgardi.
Nima ham derdik? Muhimi mana shu soha rivojlansa bo‘lgani. O‘zbekiston turizmining faqat nomi, vazirligi emas, o‘zi ham o‘zgaryaptimi, desangiz bu endi boshqa masala. Sizningcha, O‘zbekistonning turizm saholiyati o‘zgardimi? Qaysi muammolarga yechim topildi? Javoblaringizni izohlarda qoldiring, tahlilni esa boshqa kunga qoldiramiz.
LiveBarchasi