Ortiqxo‘jayev ekspertiza talab qilyapti. Ishga Norboyeva ham aralashdi (videofakt)

Tahlil

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan maqola yuzasidan ekspertiza o‘tkazilishi kerakligini aytmoqda. Bu haqda u Toshkent shahar hokimiyatida QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinovaga gapirgan. 

Joriy yilning 28 avgust kuni Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning tumanda joylashgan bank rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda stol urib majlis ishtirokchilarini so‘kkani, ularni tinimsiz haqoratlab, ishdan bo‘shatish, arizasini olish bilan qo‘rqitgani haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edik. Ushbu maqolaga isbot o‘laroq audioyozuv taqdim etilgan edi.

Shundan so‘ng, joriy yilning 4 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ mazkur audioyozuvga izoh berilishi va Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovga chora ko‘rilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Toshkent shahar hokimligiga maktub yo‘lladi.

Xatga javobni Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova yo‘lladi. Oradan ko‘p o‘tmay saytimizda “Hokimning so‘kishini eshitib, taftish o‘tkazish ayol kishiga qoldimi?” nomli maqola e’lon qilindi. 

Toshkent shahar hokimiyatida kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev so‘nggi maqola yuzasidan muxbir Feruza Najmiddinova bilan suhbatlashgan. 

“Ayolga qoldimi, deb noto‘g‘ri gapiryapsizlar. “Naoborot” aytinglar, gender tenglik to‘g‘risidagi qonun qabul qilingandi, mana ayol “zamechaniye” qilyapti deb.  Juda zo‘r bo‘ldi, denglar. Boshqacha qilib aytmanglar uni”, deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva. 
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev maqolani yo yaxshilab o‘qib ko‘rmagan, yo o‘qiganda juda asabiy bo‘lgan. Ortiqxo‘jayev “Hokimning so‘kishini eshitib, taftish o‘tkazish ayol kishiga qoldimi?” nomli sarlavhani, endi hokimiyatda ishlash ayolga qoldimi deb o‘qigan ko‘rinadi. Najmiddinova bilan suhbatda “eto nepravilno”. Noto‘g‘ri qilgansizlar bu narsani”, deydi Ortiqxo‘jayev. 

Hokim va muxbirning o‘zaro suhbat quyidagicha bo‘lgan:

F.N.: — Audioni eshitib chiqdingizmi?
J.O.: — Nimasini audioni? 
F.N.: — Audioda eshitib chiqqan bo‘lsangiz, javob xati bizga kelganida, audio bilan video bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi, deyilgan. Lekin audioyozuv hammasini tasdiqlagan. Yo‘q narsani olib qo‘yolmaymiz.
J.O.: — Kimdan tasdiqlagansizlar? 
F.N.: — Yo‘q, demoqchimanki... 
J.O.: — (muxbirning gapini eshitmay) Ekspertiza bormi tasdiqlagininglar to‘g‘risida? 
F.N.: — Eskpertiza qilinadi deganingizda, original audio bizda turibdi-ku...
J.O.: — Ekspertiza qilganmisizlar? Qanaqa qilib, boshqa joydan audio olyapsizlar-da... Misol uchun men Hojiboy Tojiboyevning ovozini o‘xshatib beradigan odam topib berolmaymanmi? 
F.N.: — U daraja yengil va u darajada o‘ylaganingizchalik emasmiz.
J.O.: — Isbot kerak sizlarning u darajadamasligingizga, tushuntira oldimmi?
F.N.: — To‘g‘ri, men sizni to‘g‘ri tushundim. 

Ushbu suhbatdan so‘ng Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalist Feruza Najmiddinovaga uyali aloqa telefoni orqali har qanday kishining ovozini o‘zgartirish mumkinligini isbotlashga uringan. Har holda kim va nima sababdan so‘kinib, bu ovozni Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning ovoziga o‘xshatishga urinishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, QALAMPIR.UZ`da joriy yilning 28 avgust kuni e’lon qilingan “Olmazorning hokimi Prezidentning dushmani...mi? Rahmonovning sharmandali audioyozuvi tarqaldi” nomli maqolaga nisbatan izoh so‘rab, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Toshkent shahar hokimiyati qatorida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ham xat kiritgan edik. Kuni kecha tahririyatimizga Olmazor tumani prokuraturasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Tergovchining qayd etishicha, Bosh prokuraturaga yo‘llangan maktub, Olmazor tumani prokuraturasiga yo‘naltirilgan. Shu bois audioyozuvni ekspertizadan o‘tkazish zarurati tug‘ilgan. QALAMPIR.UZ audioyozuvning haqaqiysini Olmazor tumani prokuraturasiga yo‘lladi va ekspertiza adolatli o‘tkazilishiga ishonch bildirdi. 

Natijasini birgalikda kuzatamiz. 

Darvoqe, Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov kecha, 24 sentyabr kuni qutlug‘ 60 yoshni qarshiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Jahongir Ortiqxo'jaev Baxtiyor Rahmonov

Baholaganlar

1004

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing