Turdimov Samarqandda oqsoch ayollar tayyorlaydigan markaz tashkil etishni taklif qildi

Jamiyat

image

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyatda oqsoch ayollar tayyorlash bo‘yicha alohida markaz ochish taklifini bildirdi. Bu haqda hokim kecha, 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida gapirdi, deb xabar bermoqda videoselektorda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri. 

Hokimning qayd etishicha, O‘zbekistonda odamlarning yashash sharoiti o‘zgarib bormoqda. Ko‘pchilik ishonchli va sifatli xizmat ko‘rsatadigan kundalik yordamchi ayollar mehnatiga ehtiyoj sezadi. Biroq, bu ishni bajarish ham ayollardan bilim va malaka talab etadi. 

Turdimov bu haqida gapirarkan, bugungi kunda ko‘plab o‘zbekistonlik ayollar uy xizmatlari yoki enagalik uchun xorijga ketayotganini qayd etib, ayni vaqtda Turkiyada o‘zbekistonlik ayollarni ko‘proq uy ishlariga taklif qilishayotganini qo‘shimcha qildi. Shu bois u oqsochlar tayyorlovchi markaz muhimligini aytdi. 

“Hozir chet elda  va o‘zimizda uy yumushlarini bajaradigan xotin-qizlarga talab ortgan. Samarqanddan ko‘plab ayollar Turkiyaga borib, uylarda boquvchilik qilishmoqda. O‘zimizda ham bunday yordamchi ayollarga ehtiyoj ortib bormoqda. Lekin bizda bunday kasb egalarini tayyorlaydigan markazlar mavjud emas. Men shunday markazlar faoliyatini tashkil etishni taklif qilaman”, deydi Turdimov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning ushbu taklifini qo‘llab-quvvatlab, bu yo‘nalishda Samarqand tajribasini respublika bo‘ylab joriy etishni buyurdi.

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Turkiyaning Istanbul shahrida 300 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar ishlamoqda. Ularning asosiy qismini ayollar tashkil etadi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Erkinjon Turdimov

Baholaganlar

155

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing