Turdimov 3 hokim va 20 nafar hokim o‘rinbosarlariga intizomiy jazo choralarini qo‘lladi

Jamiyat

image

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 20 nafar hokim o‘rinbosarlariga qat’iy ogohlantirish va hayfsan intizomiy chorasi qo‘llanilishi belgilandi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hokim va hokim o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy jazo choralarining qo‘llanilishi ularning ish samaradorligi bo‘yicha qayd etgan reyting natijalari bilan bog‘liq.

Qayd etilishicha, yig‘ilish doirasida viloyat bo‘yicha reytingda eng past natija qayd etgan Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Urgut tumanlari hamda Samarqand shahrining hokim va hokim o‘rinbosarlaridan holat yuzasidan izoh so‘ralgan. 

Shuningdek, iqtisodiyot, investitsiya, qurilish, yoshlar bilan ishlash, mahalla va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat olib borayotgan hokim o‘rinbosarlarining yo‘l qo‘ygan kamchiliklari birma-bir tahlil etilgan, reytingda past natija qayd etgan 20 nafar hokim o‘rinbosarlariga qat’iy ogohlantirish va hayfsan intizomiy chorasi qo‘llanilishi belgilangan. 

“Shuning uchun bugun alohida protokol chiqariladi. Eng oxirgi o‘rinni olgan 3 tadan tuman hokimining o‘rinbosarlari ogohlantiriladi. Viloyatda ana shu reyting ko‘rsatkichini olgani, respublikada shu reytingni olgani, e’tiborsiz qaraganligi munosabati bilan hayfsan e’lon qilinadi”, deydi Turdimov. 

Ma’lumot uchun, Erkinjon Turdimovning o‘zi hokimlik qilayotgan Samarqand viloyati respublikada mavjud 14 ta hudud orasida 11-o‘rinni qayd etib turibdi.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi joriy yilning birinchi yarim yilligi holatiga ko‘ra hokimar faoliyatini baholash orqali tuzilgan reytingni e’lon qildi. Reyting viloyat, tuman va shaharlardagi hokim va hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash orqali tuzilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

225

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing