Tungi klubda erkakni bir urib, komaga tushirib qo‘ygan yigit ozodlikka chiqdi
3-sahifa
−
17 dekabr 7995 3 daqiqa
Joriy yil bahorda Toshkent shahridagi tungi klub oldida janjal chiqib, odamlarni ajratishga harakat qilgan fuqaro kaltak yeyishi oqibatida bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Ushbu fuqaroni urgan erkak sud hukmi bilan 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Dekabr oyida esa sud hukmi o‘zgartirilib, sudlanuvchi ozodlikka chiqarildi. QALAMPIR.UZ Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiya sudining 9 dekabrdagi ajrimi bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining joriy yil 24 oktyabrdagi A.Sh.ga oid hukmi o‘zgartirildi.
Sudlanuvchiga uzil-kesil 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. A.Sh.ning 2025 yil 21 mart kunidan 2025 yil 9 dekabr kuniga qadar qamoqda bo‘lgan 263 kunini tayinlangan jazodan chegirib, uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan. Sudlanuvchiga tanlangan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, u darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.
Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng, sudlanuvchi A.Sh.dan jabrlanuvchi foydasiga 2 mlrd 694 mln so‘m undirish qismi bekor qilingan. Sudlar departamenti Toshkent shahar hududiy bo‘limi hisob raqamiga shu miqdordagi puldan 2 mlrd 301 mln so‘m qismi jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar hisobiga qaratilgan. Qolgan 392 mln so‘m qaytarilgan. Jabrlanuvchivga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan deb e’tirof etilgan. Jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi qayd etilgan.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yil 16 mart kuni tungi soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida mijoz sifatida kelgan 1995 yilda tug‘ilgan A.Sh. o‘zining tanishi 1985 yilda tug‘ilgan X.A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan nizo sababli o‘zaro janjallashgan. 1990 yilda tug‘ilgan B.A. ularni ajratishga harakat qilgan vaqtida A.Sh. uni urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda B.A. “bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonaga olib borilgan.
A.Sh. esa qochib ketdi va qidiruvga berildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida u Qozog‘iston Respublikasida ushlandi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
A.Sh.ga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye“ bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “g” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan ayblov qo‘yildi va ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqildi. 24 oktyabr kuni jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Sudning hukmi bilan A. Sh. Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Live
Barchasi