To‘liq bitmagan ko‘p qavatli uyga odam ko‘chirganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hali to‘liq qurib bitkazilmagan va foydalanishga rasman topshirilmagan ko‘p qavatli uylarga fuqarolarni ko‘chirib kiritgan mas’ul shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, keyingi vaqtlarda qurilishi yakunlanmagan hamda belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p qavatli uylarga fuqarolarni ko‘chirib kiritish holatlari uchramoqda. Bildirilishicha, bunday holatlar fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlarning mas’uliyatini oshirish hamda qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Gap shundaki, shu kungacha ayrim ko‘p qavatli uylarning ba’zi qavatlarida qurilish ishlari yakunlangach, bino hali to‘liq bitkazilmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan bo‘lsa ham, fuqarolar xonadonlarga ko‘chirib kiritilgan holatlar uchrab kelgan. Bunday holatlar esa qurilish ishlari davom etayotgan binolarda yashovchilarning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritish taklif etilmoqda. Unda ko‘p kvartirali uylar qurilishiga mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslarning belgilangan tartibda foydalanishga rasman qabul qilinmagan va to‘liq qurib bitkazilmagan uylarga fuqarolarni ko‘chirib kiritishiga yo‘l qo‘ygani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachi va pudratchilar zimmasiga foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p qavatli uylarga fuqarolarni ko‘chirib kiritmaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalarni kiritish ham rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 oktyabridan Toshkent va Samarqand shahridagi kompaniyalar ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqarishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing