To‘qayevning kuyovi lavozimidan ozod qilinadi
Olam
−
18 aprel 2022
9147Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning kuyovi Temirtay Izbastin Qozog‘istonning Bolgariyadagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan ozod qilinadi. Bu haqda mahalliy nashrlar Adliya vaziri Kanat Musinga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistlar Musindan “mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar sabab Prezidentning kuyovi Temirtay Izbastin Bolgariyadagi elchi lavozimidan chetlashtiriladimi?”, deb so‘ragan.
“Umuman olganda, Konstitutsiyada Prezidentning yaqin qarindoshlari siyosiy lavozimlarni egallashi taqiqlangan. Bunday taqiq joriy etilishi bilan hamma narsa qonunga muvofiqlashtiriladi. Shunday ekan, u ham bu lavozimni bo‘shatadi, chunki qonunga ko‘ra, u mazkur lavozimda ishlay olmaydi”, deb javob bergan Adliya vaziri.
Malumot uchun, Temirtay Izbastin To‘qayevning singlisi Karliga Izbastin (To‘qayeva)ga uylangan.
Kanat Musinga ko‘ra, qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni parlament ko‘rib chiqishi uchun joriy yilning avgust oyigacha, ularni qabul qilish esa joriy yilning oxirigacha etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “qonli yanvar” voqealaridan so‘ng parlament palatalarining qo‘shma yig‘ilishida xalqiga murojaat qilib, Qozog‘istonda davlat rahbari qarindoshlarining siyosiy lavozimlarni egallashi taqiqlanishini ma’lum qilgan edi.
“Prezident barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlarning mustahkam kafolati bo‘lishi kerak. Shu bois Prezidentning eng yaqin qarindoshlarining siyosiy davlat xizmatchilari va kvazidavlat sektorida rahbarlik lavozimlarini egallashiga qonunchilik bilan cheklov kiritiladi”, degan u.
Shuni ta’kidlash o‘rinliki, Nursulton Nazarboyev rahbarligi davrida Prezidentning yaqin qarindoshlari doimiy ravishda yuqori lavozimlarni egallab kelgan. Hatto, qizi Darig‘a Nazarboyeva deputatlikdan Senat raisi lavozimigacha ko‘tarilgan. Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Samit Abish ham Nazarboyevning jiyani edi.
LiveBarchasi