To‘qayev TDT doirasida Kiberxavfsizlik kengashi tuzishni taklif qildi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Kiberxavfsizlik kengashi tuzishni taklif qilib, “Turkiy davlatlar tashkiloti +” formatini tashkil etish g‘oyasini ma’qulladi. Bu haqda u bugun, 7 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining XII sammitida so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu formatning asosiy vazifasi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘ladi.

“To‘rt yil davomida biz turkiy xalqlarning tarixi umumiy ildizlarga borib taqalishini, ularning qadimdan yagona kelib chiqishga ega ekanini ta’kidlab kelmoqdamiz. Bularning barchasi xalqlarimizning birodarligi va abadiy birligining oltin tayanchidir. Yaqinda mamlakatlarimiz “Turkiy davlatlar hamkorlik kuni”ni nishonladi. Bu muhim sana turkiy xalqlarning birligini mustahkamlash ramzidir. Bugun tashkilot do‘st turkiy xalqlarni birlashtirgan nufuzli va obro‘li tuzilmaga aylandi”, deydi To‘qayev.

U, shuningdek, ko‘plab davlatlar kiberhujumlar kabi chegarasiz yangi tahdidlar bilan to‘qnash kelayotganiga e’tibor qaratgan.

“Men tashkilot doirasida Kiberxavfsizlik bo‘yicha kengash tuzishni taklif qilaman. U a’zolarimizning harakatlarini muvofiqlashtirib, kuchlarni birlashtirishga yordam beradi. Shu bilan birga, kengash raqamli xavfsizlikni rivojlantirish va bu sohadagi aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashadi. Joriy yil sentyabr oyida Olmaotada o‘tkazilgan konferensiya ham bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kuchaytirish naqadar muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi”, deydi u.

Qozog‘iston rahbari iqtisodiy hamkorlikni barqarorlik va farovonlikning asosiy poydevori deb atadi.

“Biz “Turkiy dunyo istiqboli-2040” dasturini to‘liq amalga oshirishga e’tibor qaratishimiz zarur. Bugungi sammit mazmuni ushbu rejaning amaliy tadbirlar bilan boyitilishiga xizmat qilishi lozim. Albatta, har bir TDT a’zo davlatining o‘z ustunliklari va yutuqlari bor. Biroq tashkilot doirasida yirik savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun aniq mexanizmlar taklif qilinmoqda. Shulardan biri – Turkiy investitsiya fondidir. Biz ushbu moliyaviy institut imkoniyatlaridan maksimal foydalanishimiz kerak”, deydi To‘qayev.

Prezident transport-logistika sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ham qayd etgan.

“Bizning davlatlarimiz Yevroosiyo markazida – Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi ko‘plab yo‘llar chorrahasida joylashgan. Hozir Qozog‘iston hududi orqali beshta xalqaro temiryo‘l yo‘lagi o‘tadi. Yaqinda biz Dostik–Moyinti temiryo‘lining ikkinchi liniyasini ishga tushirdik. Bu qadam Transqozog‘iston temiryo‘l koridorining jadal rivojlanishiga xizmat qiladi. Yangi yo‘nalish yuk tashish hajmini besh baravar oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, yana ikki muhim temiryo‘l liniyasi qurilmoqda. Bu loyihalar mintaqaviy logistika o‘sishiga yangi turtki beradi. Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi allaqachon Yevroosiyo transport tizimining strategik bo‘g‘iniga aylandi. So‘nggi besh yilda O‘rta yo‘lak orqali yuk tashish hajmi olti barobar ko‘paydi. Yaqinda Olmaotada TDTga a’zo davlatlar Transport vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda ushbu yo‘nalish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Turkiy davlatlarni O‘rta yo‘lak bo‘ylab aviatsiya markazlari, temiryo‘l stansiyalari va dengiz portlari infratuzilmasini modernizatsiya qilishda faol ishtirok etishga chaqiramiz. Hozirda transport-tranzit sohasida raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash albatta foydali bo‘ladi. Shu bois biz tashkilot doirasida ilg‘or mutaxassislar ishtirokida maxsus raqamli monitoring markazini yaratish masalasini muhokama qilishni taklif etamiz”, deydi u.

To‘qayev, shuningdek, TDT doirasida Raqamli innovatsiyalar markazini tashkil etishni taklif qilgan.

“Yaqinda Ostona shahrida Alem.AІ xalqaro sun’iy intellekt markazi ochildi. Uning bazasida Turkiy davlatlar tashkilotining Raqamli innovatsiyalar markazini yaratishni taklif qilaman. U startaplarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, sun’iy intellekt sohasida tajriba almashish va venchur kapitalni jalb etish bilan shug‘ullanadi. Raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan xalqlarimiz farovonligi yo‘lida oqilona foydalanish, shu bilan birga yangi texnologiyalar bilan bog‘liq xavf va chaqiriqlarning oldini olish zarur”, deydi To‘qayev.

Qozog‘iston rahbari energetika sohasini rivojlantirish bugungi sharoitda birinchi darajali e’tibor talab qilayotganini qayd etgan.

“Shu munosabat bilan, TDT doirasida energiya samaradorligi bo‘yicha ilg‘or tajriba kengashini tuzishni taklif qilamiz. Shuni qayd etish kerakki, neft, gaz, uran, ko‘mir va nodir yer elementlarini o‘zlashtirish hamda ulardan samarali foydalanish Qozog‘iston energetika strategiyasining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda”, deydi Qozog‘iston Prezidenti.

Uning fikricha, eng og‘ir global muammolardan biri suv tanqisligi va u Markaziy Osiyoda eng keskin muammoga aylanishi mumkin.

“Biz umumiy dastur qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishimiz kerak. U sug‘orish tizimlarini raqamli nazorat qilish, tomchilatib sug‘orish usullarini keng qo‘llash va suv omborlari samaradorligini oshirishni o‘z ichiga oladi”, deydi To‘qayev.

Shuningdek, u TDT doirasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning o‘ziga xos o‘rnini alohida ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev Turkiy davlatlar tashkiloti Kiberxavfsizlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing