To‘qayev Putindan qarzdorligi haqidagi savolga javob berdi
Olam
−
30 yanvar 2022
20612Rossiya joriy yilning yanvar oyi boshida Qozog‘istonda boshlangan tartibsizliklar vaqtida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kuchlarini mamlakatga yuborish uchun hech qanday shartlar qo‘ymagan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Xabar 24” telekanaliga bergan intervyusida jurnalistning Vladimir Putin oldidagi qarzdorlik haqidagi savoliga shunday javob qaytardi.
“Qarzimiz bor degan mish-mishlar va hokazoga kelsak. Men mas’uliyat bilan aytamanki, Vladimir Vladimirovich Putin bilan tabiiyki, biz keyinroq to‘lashimiz haqida hech qanday suhbat bo‘lmagan”, degan To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari, shuningdek, KXSHT kontingenti mamlakatdagi missiyasi davomida birorta ham o‘q uzmaganini ta’kidladi.
Avvalroq Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi KXSHT qo‘shinlari Qozog‘istonni davlat to‘ntarishidan qutqarishda hal qiluvchi omil bo‘lganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar respublika poytaxtiga hujumlarning oldini olgan.
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, jangarilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi