To‘qayev Prezidentlikni uddalayaptimi? Qozog‘istonliklar uning ishiga baho berdi
Olam
−
11 aprel 2022
12454Qozog‘istonda o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovnoma ishtirokchilarining 70 foizdan ortig‘i respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev faoliyatiga ijobiy munosabatda. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Markaziy kommunikatsiyalar xizmatining bugun, 11 aprel kuni chop etilgan sotsiologik tadqiqotida aytiladi.
“Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Markaziy kommunikatsiyalar xizmati joriy yilning mart oyida qozog‘istonliklarning ijtimoiy kayfiyatini tahlil qilish bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 70 foizdan ortig‘i Prezident Qosim-Jomart To‘qayev faoliyatiga ijobiy munosabatda ekani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Aksariyat respondentlarning (42,1 foiz) fikricha, Prezident birinchi navbatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga e’tibor qaratishi zarur. Shu bilan birga, respondentlarning 41,4 foizi ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori oshirilishidan tashvishda.
“So‘rovnomada qatnashganlarning 35,3 foizi fuqarolar xavfsizligi ta’minlanishi tarafdori. 32,5 foizi xalqaro aloqalar mustahkamlanishidan xavotirda. Respondentlarning to‘rtdan bir qismidan biroz ko‘prog‘i (26,3 foiz) Prezidentdan korrupsiyaga qarshi kurashga e’tiborni kuchaytirishni istaydi”, deyilgan xabarda.
Shu bilan birga, respondentlarning yarmidan ko‘pi (51 foiz) Qozog‘istonda hayot yaxshilanishiga umidlarini bevosita mamlakat Prezidenti bilan bog‘laydi. Ishtirokchilarning 20,5 foizi hukumatdan, 15 foizi mahalliy ijro organlaridan, 14,1 foizi parlamentdan umid bog‘lagan.
Sotsiologik tadqiqot 2022 yilning 15-24 mart kunlari o‘tkazilgan. 18 dan 50 yoshgacha bo‘lgan 1 863 respondent — internet foydalanuvchilari bilan suhbat o‘tkazilgan. So‘rovnoma Nur-Sulton, Olma-Ota, Chimkent va mamlakatning 14 viloyatida o‘tkazilgan.