To‘qayev Mirziyoyevning “asr loyihasi”ga bosh qo‘shmoqchi

Olam

image

Qozog‘iston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi transafg‘on temir yo‘li loyihasiga qo‘shilishga tayyor. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tayotgan Markaziyo Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidagi nutqida aytib o‘tdi.

To‘qayevning ta’kidlashicha, mintaqaning transport aloqasini oshirish, tranzit sharoitlarini izchil yaxshilash zarur.

“Xaritaga bir marta ko‘z yugurtirish Markaziy Osiyoning noyob geografik joylashuvidan dalolat beradi. Yangi geosiyosiy voqelikda mintaqamizning transkontinental savdoni rag‘batlantirish va rivojlantirishdagi roli jadal o‘sib bormoqda”, degan To‘qayev.

U bunday sharoitda Qozog‘iston Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini faol rivojlantirayotganiga to‘xtalib, 2017 yildan buyon mazkur yo‘lak yo‘nalishlari bo‘ylab konteyner tashish deyarli uch barobarga oshganini ta’kidlagan.

“Bundan tashqari, Qozog‘iston “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘li qurilishida ishtirok etishga tayyor. Xususan, temir yo‘l ustki inshootlarini materiallar bilan uzluksiz ta’minlash va harakat tarkibini yetkazib berolamiz”, degan To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil boshida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston yangi transport yo‘lagi: Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan edi. 

Joriy yilning 18 iyul kuni Afg‘oniston hududida “Termiz-Peshovar” temir yo‘l aloqasini o‘rnatish bo‘yicha O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘onistonning qo‘shma loyihasining yo‘nalishi hamda texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlandi.

Loyiha Yevropa Ittifoqini, Rossiyani Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bog‘lashi kerak.

O‘zbekiston aynan Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurib, dengizga chiqishni reja qilgan. Bu uchun bir necha yirik loyihalar ham tayyorlangan. 2021 yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yirik xalqaro anjuman aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida O‘zbekistonni dengizga olib chiqishi mumkin bo‘lgan Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor temir yo‘li qurilishini yuqori baholab, uni “asr loyihasi”, deb atagan edi. Ushbu temir yo‘l liniyasi aynan Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termizdan boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

transafg'on temir yo'li

Baholaganlar

312

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing