To‘qayev xavfsizlik choralarini kuchaytirishni buyurdi
Olam
−
29 Sentabr 2022
9475Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev rossiyaliklarning respublikaga ko‘p kirib kelayotgani fonida ichki ishlar organlariga xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni Qozog‘iston rahbari Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov To‘qayev bilan uchrashuv chog‘ida davlat rahbariga ushbu vaziyat yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida hisobot bergan.
“Marat Axmetjanov Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining mamlakatga kelishi munosabati bilan ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirdi”, deyiladi xabarda.
Ichki ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda kriminogen vaziyat barqaror.
“Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Prezident mamlakatimizda huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlash darajasini yanada oshirish, shuningdek, samarali migratsiya nazoratini amalga oshirishga qaratilgan qator topshiriqlar berdi”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq Respublika IIV Migratsiya xizmati qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Aslan Atalikov 21 sentyabrdan buyon Qozog‘istonga 98 mingga yaqin rossiyalik kirib kelgani, 64 234 kishi chiqib ketganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, hafta boshida Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov Ostona harbiy safarbarlikdan qochib, mamlakatga kelgan Rossiya fuqarolarini qaytarib bermasligini aytgan edi.
Rossiyada qisman safarbarlik
Joriy yilning 21 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishi, birinchi navbatda, jangovar tajribaga ega va qo‘shinlar uchun zarur bo‘lgan harbiy ro‘yxatga olish ixtisosligi bo‘yicha rezervga chaqiriladi.
Safarbarlik kunduzgi bo‘lim talabalari va muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarga taalluqli emas, shuningdek, boshqa bir qator toifadagi fuqarolar, jumladan, harbiy-sanoat kompleksi xodimlari, IT-kompaniyalar, aloqa operatorlari va ommaviy axborot vositalarining shtatdagi xodimlari ham kechiktirishni olishlari mumkin. Bundan tashqari, Bosh shtabning tushuntirishicha, 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy va zahiradagi serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar va 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar safarbarlikka tortiladi.