To‘qayev Qozog‘istondagi kelin o‘g‘irlash an’analariga qarshi chiqdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda go‘yoki milliy an’analar niqobi ostida kelin o‘g‘irlash amaliyotini joriy etishga urinayotganlar borligini aytdi. Bu haqda u Milliy Qurultoy yig‘ilishida so‘z ochdi. 

“Bunday ochiq-oydin obskurantizmni (ma’rifat, fan va taraqqiyotga dushmanlik munosabati) oqlab bo‘lmaydi va bu har bir insonning qadr-qimmati, huquq hamda erkinliklari mutlaq qadriyat hisoblangan ilg‘or jamiyat g‘oyalariga zid keladi. Menimcha, bunday faktlar nafaqat ma’naviy qoralash, balki huquqiy baho ham talab qiladi”, deydi Prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qozog‘istonliklar mamlakatdagi an’anaviy islom qonunlariga qat’iy amal qilgan holda diniy ekstremizm va arxaizmga qarshi turishi kerak.

“Biz har doim o‘z dunyomiz haqidagi tushunchamizdan kelib chiqib, o‘ziga xos madaniy kodimizga amal qilishimiz kerak. Biz ma’naviy ildizlarimizni ulug‘lab, davlatimizning dunyoviy maqomini har tomonlama mustahkamlashimiz zarur. Qozog‘iston davlatchiligimiz va ijtimoiy ma’naviyatimizga putur yetkazmaydigan barcha dinlar, qarashlar va ta’limotlarga hamisha bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘ladi. Ammo biz G‘arb va boshqa oqimlar ta’sirida madaniyatimizga yot bo‘lgan qadriyatlarni targ‘ib qilayotgan, qolaversa, dunyoning asosiga zid bo‘lganlarning yo‘l-yo‘riqlariga ergasha olmaymiz va ergashmaymiz ham”, deydi davlat rahbari.

Shu bilan birga, To‘qayev ushbu targ‘ibotga bolalar ham jalb qilingani bois, yosh avlodning ma’naviy salomatligi masalasining narxi har qachongidan ham qimmat ekanini ta’kidlagan.

“Siyosiy vaziyat ham, jahondagi yangi tendensiyalar ham bu boradagi pozitsiyamizga ta’sir qilmaydi. Biz an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qat’iy va izchil rivojlantirishimiz kerak. Islom qonunlari o‘ta buzuq, dogmatik shaklda qabul qilingan oilalarda ayollarni kamsitish va hatto zulm qilish faktlariga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Bunday oilalarda hayot fan va texnika yutuqlari bilan XXI asr ruhiga zid bo‘lgan bema’ni taqiq va buyruqlar asosida quriladi. Aftidan, odamlar ataylab o‘rta asrlardagi axloq va xulq-atvor modellariga o‘tib ketyapti”, deya xulosa qilgan Prezident.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda, ayniqsa, janubiy viloyatlarda qizlarni turmushga berish maqsadida o‘g‘irlash amaliyoti hamon keng tarqalgan. Ba’zi hollarda bunday harakatlar jinsiy daxlsizlik, kamsitish, noqonuniy qamoqqa olish va hatto o‘z joniga qasd qilishga olib keladi. 

2023 yilning avgust oyida Qozog‘istondagi Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman jinoiy qonunchilikka kelin o‘g‘irlashning oldini olishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi bilan chiqqandi. Bunga Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi keltirilib, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmanistonning jinoiy qonunchiligida ayollarni majburan nikohga olish maqsadida o‘g‘irlash to‘g‘risida alohida modda borligini ko‘rsatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev kelin o'g'irlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing