To‘qayev Qozog‘iston nega yadroviy quroldan voz kechganini aytdi (video)

Olam

image

Qozog‘istonning yadroviy quroldan voz kechishi strategik uzoqni ko‘ra bilish hamda tinchlik va butun insoniyat xavfsizligiga qat’iy sadoqatning ifodasi hisoblanadi. Bu haqda bugun, 19 dekabr kuni mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Tokio shahridagi BMT universitetida qilgan nutqida so‘z ochdi. 

To‘qayev o‘z nutqida tobora kuchayib borayotgan yadroviy tahdid bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratgan. U Qozog‘iston va Yaponiya kabi kamsonli davlatlargina insoniyat yadroviy qurol tufayli qanday ulkan badal to‘laganini “chuqur anglay olishini” eslatgan.

“Hirosima, Nagasaki va Semipalatinsk yadroviy mas’uliyat va tiyilishning qanchalik qimmatga tushishini eslatib turadi. Mustaqillikka erishgach, Qozog‘iston tarixiy qaror qabul qilib, Semipalatinsk yadroviy poligonini yopdi va dunyodagi to‘rtinchi eng yirik yadroviy arsenalidan voz kechdi. Bu zaiflikning belgisi emas, balki strategik uzoqni ko‘ra bilish hamda tinchlik va butun insoniyat xavfsizligiga qat’iy sadoqatning ifodasi edi”, deydi Qozog‘iston Prezidenti.

Uning aytishicha, oradan 30 yil o‘tgan bo‘lsada, Qozog‘istonning pozitsiyasi o‘zgarmagan: global xavfsizlik arxitekturasi yadroviy tiyib turish konsepsiyasiga tayanib qolmasligi kerak. Uning fikricha, xalqaro hamjamiyat to‘liq yadroviy qurolsizlanishga qaratilgan sa’y-harakatlarni faollashtirishi va Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishini ta’minlashi lozim.

“Qozog‘iston yadroviy davlatlar o‘rtasida yuqori darajadagi muloqotni qayta tiklashga hamda yadroviy qurolni qo‘llash va sinovdan o‘tkazish tahdidini bartaraf etishga qaratilgan yanada qat’iy ko‘p tomonlama choralar ko‘rishga chaqiradi. Ushbu global sa’y-harakatlarda Qozog‘iston va Yaponiya o‘ziga xos ma’naviy nufuzga ega. Davlatlarimiz birgalikda kelishmovchiliklarni yumshatishi va yadroviy davlatlar konsensusga erishishda qiynalayotgan holatlarda pragmatik yetakchilikni namoyon etishi mumkin”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.

Ma’lumot uchun, 1949 yildan 1989 yilgacha Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida SSSR tomonidan yadroviy sinovlar o‘tkazilgan. Bu davr mobaynida 450 dan ortiq yerusti va yerosti portlashlari amalga oshirilgan. Sinovlar oqibatida jiddiy radiatsion ifloslanish yuzaga kelgan va yaqin hududlarda yashovchi yuz minglab aholining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 1991 yil 29 avgustda poligon rasman yopilgan va Qozog‘iston yadroviy quroldan ixtiyoriy ravishda voz kechgan ilk davlatlardan biriga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, Qosim-Jomart To‘qayev Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kunida yadro qurolini sinash oqibatida Qozog‘iston xalqi boshidan kechirgan og‘ir oqibatlarni eslatib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston yadroviy qurol Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing