To‘qayev Bosh vazir o‘rinbosarini ishdan oldi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Bosh vazir o‘rinbosari – Milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarovni lavozimidan ozod etish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

Nurlan Baybazarov 2024 yil 6 fevraldan buyon Bosh vazir o‘rinbosari – Milliy iqtisodiyot vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. Bungacha u 2004 yildan 2011 yilgacha loyihalar bo‘yicha agentlik xizmatlari bo‘limi boshlig‘i, investitsiya loyihalari bo‘yicha boshqaruvchi direktor, korporativ rivojlanish departamenti direktori, Qozog‘iston taraqqiyot banki AJ korporativ kotibi lavozimlarida ishlagan. 2013-2016 yillarda Qozog‘iston Respublikasi Milliy iqtisodiyot vazirligining Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Bundan tashqari, yillar davomida u aksiyadorlik jamiyatlarida ishlagan: “NK Qozog‘iston temiryo‘li” AJ, “KazMunayGaz Konsalting” AJ, “KazMunayGaz” NK.

2016 yildan 2022 yil noyabrigacha “Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi” aksiyadorlik jamiyati direktorlar kengashi a’zosi va boshqaruvi raisi bo‘lgan. 2022 yil noyabridan 2023 yil oktyabriga qadar “Qozog‘iston taraqqiyot banki” AJ boshqaruvi raisi bo‘lgan. “Bayterek” Milliy boshqaruv xoldingi AJ Yagona aksiyadorining 2023 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan Xolding boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan.

Oqo‘rda matbuot xizmati Nurlan Baybazarov nima sababdan ishdan bo‘shatilgani, shuningdek, uning o‘rniga bu lavozimga kim tayinlanishi haqida batafsil ma’lumot bermadi.

Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarovni ishdan olgandi. 18 dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi yig‘ilishida Prezident Oqilbek Japarovni Soliq xizmati rahbariyati va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotganda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida ishdan bo‘shatganini tushuntirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev Nurlan Baybazarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing