To‘qayev AES qurish bo‘yicha referendum qachon bo‘lishini aytdi
Olam
−
02 Sentabr
2882Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum 6 oktyabr kuni o‘tkaziladi. Bu haqda respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 2 sentyabr kuni xalqqa murojaatida ma’lum qildi.
“Global energiya taqchilligi oshib borayotganini hisobga olib, biz ishonchli va ekologik toza energiya manbalariga juda muhtojmiz. Shuning uchun, nazarimda, atom energetikasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Bu turdagi avlod iqtisodiyotimizning jadal o‘sib borayotgan ehtiyojlarini asosan qondira oladi. Hozirgi vaqtda 30 ta rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda 200 ga yaqin atom elektr stansiyalari faoliyat yuritmoqda. Biz uzoq muddatli milliy manfaatlarni, mamlakatimizning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda kelajak haqida o‘ylashimiz kerak. Shu bois atom elektr stansiyasini qurish masalasida puxta o‘ylangan qaror qabul qilish, strategik rejalarni jamiyatda keng muhokama qilish zarurligini doimo ta’kidlab kelganman. Mamlakat hayoti uchun muhim bo‘lgan har bir qadam xalq qo‘llab-quvvatlashi bilan tashlanishi kerak.
Atom elektr stansiyalari bo‘yicha referendumda ham shunday bo‘lishi kerak. Uning amalga oshirilishi haqida o‘tgan yili gapirgan edim, ya’ni bu mavzu bir yildan buyon jamoatchilik kun tartibidan joy olgan. Bu fuqarolarning ongli qaror qabul qilishlari uchun yetarli muddat, deb hisoblayman. Shu munosabat bilan men hukumat taklifini qo‘llab-quvvatlayman. Joriy yilning 6 oktyabr kuni atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tadi, bugun men tegishli farmonni imzolayman.
Bo‘lajak referendum keng milliy muloqotning yana bir ko‘rinishi va “tinglovchi davlat” konsepsiyasini amalga oshirishning yorqin namunasi bo‘ladi. Mohiyatan, bu qadamlar bilan biz yangi ijtimoiy-siyosiy madaniyatni shakllantirmoqdamiz, muhim davlat qarorlarini qabul qilishning yangi standartlarini belgilayapmiz”,degan To‘qayev.
Eslatib o‘tamiz, 20 avgust kuni Ostonada Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tgandi. 27 avgustda Qozog‘iston hukumati majlisida "Respublika referendumini o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmon loyihasi uchun ovoz berildi va u Prezidentga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
LiveBarchasi