To‘qayev 2026 yil prezidentlikdan ketishi va Konstitutsiyani o‘zgartirmasligini aytdi
Olam
−
03 yanvar
8070Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev konstitutsiyaviy referendum o‘tkazish va 2026 yilgi prezidentlik saylovlarida yana ishtirok etish rejalari haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Bu haqda “Egemen Qazaqstan” gazetasida chop etilgan intervyusida aytilgan.
“Bu dezinformatsiya. Ishonchim komilki, konstitutsiyaga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritish, ayniqsa, bunday fundamental masala bo‘yicha endi mumkin emas. Konstitutsiyaviy islohot asosiy qonunga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish maqsadida amalga oshirilmagan”, deydi davlat rahbari.
Unga ko‘ra, konstitutsiyadagi yagona prezidentlik muddati haqidagi qoida o‘zgarishsiz qolmoqda.
“Ushbu me’yor davlatimizning mustaqilligi, birligi, hududiy yaxlitligi va boshqaruv shakli to‘g‘risidagi me’yorlar kabi o‘zgarmasdir”, deydi amaldagi davlat rahbari.
Prezidentning tushuntirishicha, u yagona yetti yillik prezidentlik muddati g‘oyasini 15 yil avval yopiq muhokamalarda bildirgan.
“Keyin bu taklif qo‘llab-quvvatlanmadi. Prezident etib saylanganimdan so‘ng ijobiy va salbiy tomonlarini tarozida ko‘rib, bu g‘oyani hayotga qanday tatbiq etish haqida ko‘p o‘yladim. 2022 yilda super-prezidentlik vakolatlarini bekor qilishga qaratilgan bir qancha muhim konstitutsiyaviy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Va keyin men yagona yetti yillik muddat g‘oyasini ilgari surdim. Bu tashabbus xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu hammasidan darak beradi”, ta’kidladi davlat rahbari.
2022 yil 5 iyun kuni Qozog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi va uni 77 foizdan ortiq fuqarolar qo‘llab-quvvatladi. O‘zgartishlarga muvofiq, davlat rahbarining vakolatlari qisqartirildi, parlament va mahalliy vakillik organlarining roli sezilarli darajada kuchaytirildi, inson huquqlari sohasi tizimli ravishda mustahkamlandi, Konstitutsiyaviy sud qayta tashkil etildi, o‘lim jazosi nihoyat bekor qilindi, birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning maqomi to‘g‘risidagi moddalar chiqarib tashlandi.
2019 yilda Nazarboyev iste’foga chiqishini e’lon qilib, respublikadagi o‘zgarishlarni davom ettiradigan yangi avlod rahbarlarining hokimiyatga kelishi zarurligini ta’kidladi. Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbarining vakolatlari keyinchalik parlament yuqori palatasi raisi sifatida To‘qayevga yuklatildi. O‘sha yilning iyun oyida To‘qayev prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. 2022 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin saylovda u bir martalik yetti yillik muddatga Qozog‘iston prezidenti etib qayta saylandi.
LiveBarchasi