Nazarboyevning taqdiri To‘qayevda takrorlanmaydimi?
Tahlil
−
21 yanvar 8056 9 daqiqa
Qozog‘iston mustaqillikka erishgan ilk yillaridagi islohotlarga qaytib, mamlakatda bir palatali parlamentni va vitse-prezident lavozimini tiklamoqchi. Va albatta, bular Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritmasdan sodir bo‘lmaydi. Xo‘sh, bu mamlakatning amaldagi va saylovlarda qayta ishtirok etmaslik va’dasini bergan Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning so‘zini buzib, yana prezidentlikka nomzod bo‘lishini anglatadimi? Uning vakolat muddati nollashadimi? Bugun shular haqida gaplashamiz.
Qozog‘istonda 2022 yil boshida sodir bo‘lgan “qonli yanvar” voqealarini eslaysizmi? 2022 yil 2 yanvarda Maңg‘istau viloyatida suyultirilgan gaz narxining keskin oshishiga qarshi boshlangan noroziliklar, bir necha kun ichida butun mamlakat bo‘ylab yoyilib, katta fojiaga aylandi. Tinch namoyishlar qurolli to‘qnashuvlarga, davlat binolarini (masalan, Olmaota shahar hokimligi va prezident qarorgohini) yoqib yuborish va talafotlarga aylanib ketdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi va “terrorchilarga qarshi” operatsiya boshladi. Shuningdek, u Rossiya asosiy kuch bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti qo‘shinlarini yordamga chaqirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqealar oqibatida 238 kishi halok bo‘lgan, minglab odamlar jarohatlangan va hibsga olingan.
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari o‘z lavozimlaridan va ta’sir kuchidan ayrildi. Mamlakatda keng ko‘lamli siyosiy va konstitutsiyaviy islohotlar boshlandi. “Qonli yanvar” Qozog‘iston mustaqillik tarixidagi eng yirik va fojiali inqiroz sifatida qoldi.
Shu kunlarda ushbu voqealarga to‘rt yil to‘ldi, ammo Qozog‘istondagi namoyishlar tin olgan bo‘lsa-da, uning ortidan boshlangan islohotlar, mamlakatdagi, ta’bir joiz bo‘lsa, qayta qurish hali to‘xtagani yo‘q.
2019 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan, 2022 yilda bir martalik yetti yillik muddatga prezidentlikka saylangan Qosim-Jomart To‘qayev 20 yanvar kuni prezident huzuridagi maslahatchi-konsultativ organ – Milliy qurultoy yig‘ilishini o‘tkazdi va bu yil tashlanadigan zalvorli siyosiy qadamlar mujdasini berdi.
Ulardan eng birinchisi mamlakat parlamentini yana bir palatali tizimga qaytarish va uni Qurultoy deb nomlash. Prezidentning fikricha, bu islohot “super-prezidentlik” tizimidan voz kechib, parlamentning rolini oshirish va xalq oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga qaratilgan.
Yangi parlamentda 145 ta mandat bo‘lishi kerak. Prezident gap sonda emas, sifatda ekanini uqtirdi. Asosiysi, parlamentda haqiqiy vatanparvarlar, malakali mutaxassislar o‘tirishi kerak.
Yangi parlamentda uch nafar rais o‘rinbosari bo‘lishi mumkin. Qo‘mitalar soni esa sakkiztadan oshmasligi kerak. Konstitutsiyaviy sud, Oliy Auditorlik palatasi va Markaziy saylov komissiyasi raisi faqat parlament roziligi bilan tayinlanishi taklif etilmoqda. Deputatlar prezident taqdimnomasiga binoan Oliy sudning barcha sudyalarini saylashi taklif qilinmoqda.
Deputatlar proporsional tizim tamoyili asosida saylanadi. Ya’ni, parlamentdagi o‘rinlar soni har bir partiya olgan ovozlar soniga mutanosib bo‘ladi. Qozog‘iston xalqi assambleyasi uchun kvota bekor qilinadi. Yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun kvotalar saqlab qolinmoqda. Partiyalar uchun parlamentga kirish to‘sig‘i besh foizligicha qolmoqda. Yangi parlamentda deputatlar besh yillik muddatga saylanadi. Qonunlarni qabul qilishning uch bosqichli tartibi taklif etilmoqda. Dastlab deputatlar qonun loyihasini yaxlitligicha ma’qullaydi, so‘ngra kiritilgan o‘zgartirishlarni tasdiqlab va, nihoyat, qonunni qabul qiladi.
Qozog‘iston uchun bir palatali parlament begona emas. Mustaqillikning ilk yillarida mamlakatda bir palatali organ – Oliy Kengash (Oliy Sovet) faoliyat yuritgan. 1993 yilgi birinchi Konstitutsiyaga ko‘ra, Qozog‘iston parlament boshqaruvidagi respublika bo‘lib, Oliy Kengash yagona qonun chiqaruvchi organ edi. 1995 yilgi referendumda qabul qilingan yangi Konstitutsiya bilan mamlakatda ikki palatali parlament (yuqori palata — Senat va quyi palata — Majilis) tizimi joriy etilgan.
Davlat rahbari Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevdan meros bo‘lib qolgan Qozog‘iston Xalq Assambleyasini tugatib, uning o‘rniga yangi platforma tuzishni ham taklif qildi. U umummilliy muloqotni o‘tkazish uchun platforma sifatida Qozog‘iston Xalq kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
“Islohotlarning yangi bosqichida Qozog‘istonga ijtimoiy taraqqiyotning barcha masalalari bo‘yicha umummilliy muloqotni muntazam o‘tkazish uchun keng platforma yoki minbar zarur. Ushbu platforma xalqimizning birdamligi va jipsligiga hissa qo‘shadigan asosiy ijtimoiy-siyosiy birlashmalar va tuzilmalarni o‘z ichiga oladi”, deydi To‘qayev.
Xalq kengashi o‘z mohiyatiga ko‘ra, boshqa mamlakatlarning maslahat tuzilmalari tajribasini o‘zida mujassam etgan yangi davlat organiga aylanadi. Unda barcha elatlar, aholi guruhlari va hududlar o‘z vakillariga ega bo‘ladi. Qozog‘iston Xalq kengashi mamlakatning oliy maslahat organi maqomini oladi. Kengash tarkibini 126 kishidan shakllantirish taklif etildi. Barcha a’zolar Prezident tomonidan tayinlanadi, rais esa uning a’zolari tomonidan saylanadi.
“Shu bilan birga, yangi organ ichki siyosatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga ham e’tibor qaratadi, davlat mafkurasi, shuningdek, konstitutsiya va davlatimizning boshqa muhim hujjatlari qoidalarini targ‘ib qilish va tushuntirish bilan shug‘ullanadi”, deya aniqlik kiritdi Qozog‘iston Prezidenti.
Qozog‘iston Xalq Assambleyasi 1995 yilda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan mamlakatdagi turli etnik guruhlar o‘rtasidagi totuvlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. 2021 yilning apreligacha Assambleyaga Nursulton Nazarboyevning o‘zi rahbarlik qilib kelgan va bu lavozim unga umrbod berilgan edi.
2021 yil 29 aprelda Nursulton Nazarboyev Assambleya raisi vakolatlarini amaldagi Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirishga qaror qildi. Assambleya a’zolarining umumiy taklifiga binoan, Nazarboyevga faxriy rais maqomi berildi.
2022 yilda sodir bo‘lgan “qonli yanvar” fojialaridan so‘ng Nazarboyevning mamlakat siyosatidagi ta’siri keskin kamaydi. Parlament qarori bilan u Xalq Assambleyasi va Xavfsizlik kengashi raisi o‘laroq umrbod vakolatlaridan mahrum etildi. 2022 yildagi konstitutsiyaviy referendum esa uni Elboshi maqomidan ham mahrum qildi.
Kutalyotgan yana bir yirik o‘zgarishlardan biri esa mamlakatda vitse-prezident lavozimining tiklanishi. Ha, to‘g‘ri eshitdingiz, aynan tiklanishi. Ko‘pchilik biladi, unutganlar eslaydi, bilmaydiganlarni xabardor qilamiz – Qozog‘istonda mustaqillikning ilk yillarida, to‘g‘rirog‘i 1991 yildan 1996 yilgacha vitse-prezident lavozimi bo‘lgan. Lavozim 1995 yilgi Konstitutsiyaviy islohotlardan so‘ng 1996 yil 22 fevralda Nursulton Nazarboyevning farmoni bilan rasman bekor qilingan edi. Qozog‘iston tarixidagi birinchi va yagona vitse-prezident Yerik Asanbayev bo‘lgan.
“Bekorga xalq orasida “har narsaning o‘z vaqti bor” deyishmaydi. Menimcha, ana shu vaqt yetib keldi. Bugun Milliy qurultoyning yakuniy majlisida yangi, muhim taklif bilan chiqmoqchiman. Men taklif etayotgan bu yangilik bir necha yil davomida izchil ravishda shakllanib kelayotgan butun siyosiy konstruksiyani mantiqan yakunlab beradi.
Gap Qozog‘iston Respublikasi vitse-prezidenti institutini ta’sis etish va uni Konstitutsiyada tegishli tarzda mustahkamlash haqida bormoqda. Vitse-prezidentni parlament roziligi bilan ko‘pchilikning ovozi orqali prezident tayinlaydi. Uning vakolatlari doirasini esa davlat rahbarining o‘zi belgilaydi”, deydi To‘qayev.
Vitse-prezident lavozimi tashkil etilishi orqali, amaldagi parlament faoliyatini ta’minlab kelayotgan ayrim apparat tuzilmalari, shuningdek, davlat maslahatchisi lavozimi ham tugatilishi belgilangan.
Yangi lavozim egasi Qozog‘iston Respublikasining xalqaro forumlar va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan muzokaralardagi manfaatlarini ifodalaydi, prezident manfaatlarini parlamentda taqdim etadi, mahalliy va xorijiy ijtimoiy-siyosiy, ilmiy hamda madaniy-ma’rifiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi va prezidentning boshqa topshiriqlarini bajaradi.
To‘qayevning aytishicha, vitse-prezident lavozimining joriy etilishi, bir palatali parlamentga o‘tish bilan bog‘liq islohot prezidentning rolini susaytirmaydi – u davlat hokimiyati tizimida hamon asosiy kuch bo‘lib qoladi.
Kutilganidek, olamshumulligi aytilayotgan bu o‘zgarishlarning hech biri Konstitutsiyani o‘zgartirmay sodir bo‘lmaydi. To‘qayevning shikoyat qilishicha, Konstitutsiya matnida bir qator noaniqliklar va xatolar mavjud, ular huquqshunoslar va tilshunoslar tomonidan bartaraf etilishi kerak.
“Konstitutsiyamiz matnida ayrim xatolar borligi aniqlandi. O‘z vaqtida terminologik va uslubiy noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgan. Konstitutsiyaviy islohot doirasida bu bo‘shliqlarni ham to‘ldirishimiz kerak. Bu ishlarga nafaqat huquqshunoslar, balki til sohasidagi malakali mutaxassislar ham jalb etiladi”, deydi u.
Shu munosabat bilan Prezident Qozog‘istonda konstitutsiyaviy komissiya tuzishni topshirdi, u mamlakatning asosiy qonuniga bo‘lajak o‘zgarishlar – bir palatali parlamentga o‘tish, vitse-prezident lavozimini joriy etishni tayyorlaydi, shuningdek, uning yordamida referendum sanasini belgilaydi.
Nahotki, To‘qayev va boshqalar, tilshunoslar, siyosatchilar, olimlar, ekspertlar bunyod bo‘lganidan buyon asosiy qomusni olti marta o‘zgartirish jarayonida ushbu xatoliklarni aniqlamagan. Holbuki, To‘qayev davrida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilganiga ko‘p bo‘lmagan. Umuman olganda, To‘qayev davrida Qozog‘iston Konstitutsiyasi 3 marta o‘zgardi. Ya’ni, 2017 yil va 2019 yildagi o‘zgarishlar uning Senat raisi lavozimida faoliyat yuritgan davriga to‘g‘ri keladi. 2022 yildagi o‘zgarishlar esa To‘qayev prezidentligining uchinchi yili yakuni va Nazarboyev oilasiga qarshi keng ko‘lamli g‘ijinish bilan bog‘liq.
Konstitutsion o‘zgarishlarni eslaylik. 1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi
2022 yil 5 iyunda o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijasida Qozog‘iston Konstitutsiyasidan Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning maqomi va imtiyozlari bilan bog‘liq barcha bandlar chiqarib tashlandi. Konstitutsiyaning bir necha moddalarida uchraydigan Nazarboyevning Elboshi sifatidagi alohida maqomi va daxlsizligi haqidagi qoidalar bekor qilindi.
Birinchi Prezidentga nisbatan qo‘llanilgan “ketma-ket ikki martadan ortiq saylanish taqiqi taalluqli emasligi” haqidagi imtiyoz (42-moddaning 5-bandi) olib tashlandi. 91-moddadan Birinchi Prezidentni mustaqil Qozog‘iston asoschisi va uning asosiy tamoyillarining o‘zgarmasligi kafolati sifatida belgilovchi jumlalar chiqarildi.
Nazarboyev va uning oila a’zolarining jinoiy javobgarlikdan umrbod daxlsizligi hamda Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston Xalqi Assambleyasiga umrbod raislik qilish huquqi Konstitutsiyadan olib tashlandi. Ushbu o‘zgarishlar natijasida “Birinchi Prezident — Elboshi to‘g‘risida”gi alohida konstitutsiyaviy qonun ham o‘z kuchini yo‘qotdi.
Konstitutsiya yangilangach, 2022 yilning 20 noyabr kuni navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Prezidenti saylovida 2019 yildan buyon mamlakat boshida turgan Qosim-Jomart To‘qayev 81,31 foiz ovoz to‘pladi.
Bungacha Qosim-Jomart To‘qayev Konstitutsiyaga muvofiq 7 yildan ortiq prezident lavozimini egallamasligi, konstitutsion o‘zgarishlarga sodiq qolishini bir necha bor ta’kidlagan. So‘nggi bor u 2025 yilning “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida mazkur masalaga to‘xtalib, shunday degan edi:
“2029 yilda men iste’foga chiqishimni allaqachon e’lon qilganman. Chunki bu xalqimning va shaxsiy talabim. Prezident Xudoning elchisi emas. U o‘z xalqi tomonidan saylangan davlat boshqaruvchisi. Bizda esa bor-yo‘g‘i yetti yilga”, degan davlat rahbari.
2026 yilda kutilayotgan Konstitutsion o‘zgarishdan keyin uning prezidentlikdagi muddati nollashishi qonunan cheklangan, lekin hozircha bir narsa deyish qiyin.
Konstitutsiyaning 42-moddasiga binoan, Qozog‘iston Prezidenti faqat bir marta 7 yillik muddatga saylanishi mumkin. Qayta saylanish qat’iyan taqiqlangan. Konstitutsiyaning 91-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, prezidentlik muddati (7 yil) va bir martalik cheklov haqidagi qoidalar hech qachon o‘zgartirilmaydigan (mutlaq) normalar sifatida belgilangan. Hatto, kelgusi konstitutsiyaviy islohotlar yoki referendumlar orqali ham bu bandni o‘zgartirish taqiqlanadi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 2026 yilda hech qanday “nollashish” sodir bo‘lmaydi, deb ishoniladi. Qosim-Jomart To‘qayevning joriy prezidentlik muddati 2029 yilda tugaydi va u amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra qayta saylanish huquqiga ega emas. 2026 yilda konstitutsiyaviy o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda ham, prezidentlik muddatiga oid cheklovlar daxlsiz qoldirilishi qonun bilan kafolatlangan.
Xo‘sh, siz nima deysiz? Kutilayotgan islohotlar Qozog‘istonda nimani o‘zgartiradi? To‘qayev konstitutsion o‘zgarishlar bilan vakolat muddatini nollashtirishi mumkinmi?
Live
Barchasi