To‘qayev ham Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosarini qabul qildi
Olam
−
16 may
2297Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatga rasmiy tashrif bilan borgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Lyu Gochjunni qabul qildi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida Qozog‘iston-Xitoy strategik sherikligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari erishilgan kelishuvlarning ikki mamlakat hukumatlari tomonidan amalga oshirilishining borishi muhokama qilindi.
Davlat rahbari Qozog‘iston Xitoyning ishonchli hamkori ekani va shunday bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bilan ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish Qozog‘iston uchun eng muhim ustuvor yo‘nalishdir.
“Qozog‘iston-Xitoy aloqalarida har tomonlama strategik sheriklik va abadiy do‘stlik izchil yuksalish yo‘lida rivojlanib, kelajakka qaratilganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Xitoy Qozog‘istonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib, o‘zaro savdo hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. 2023 yil oxirida bu ko‘rsatkich rekord darajadagi 40 milliard dollarga yetdi. Tovar ayirboshlash hajmini 100 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ydik. Bizning fikrimizcha, bu ko‘rsatkichga erishish mumkin”, degan To‘qayev.
O‘z navbatida, Lyu Gochjun ham Xitoy va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy dinamikani qayd etdi.
“Siz Xitoy xalqining azaliy va yaxshi do‘sti sifatida o‘tgan yillar davomida Xitoy-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shdingiz, bu Xitoy tomoni tomonidan yuqori baholanmoqda. Ishonchim komilki, Qozog‘iston sizning rahbarligingizda davlatni rivojlantirish, qudratli va gullab-yashnagan Yangi Qozog‘istonni barpo etish yo‘lida olg‘a intiladi. Xitoy va Qozog‘iston yaxshi qo‘shnilar, ishonchli sheriklar va bir-birini to‘ldiradigan juda yaxshi do‘stlardir”, degan Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosari.
Suhbat chog‘ida savdo, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, energetika va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosarining Markaziy Osiyo davlatlariga safari 20 maygacha davom etadi. U O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lgan va Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining yettinchi yig‘ilishida qatnashgan. Qozog‘istondan so‘ng u Qirg‘izistonga ham safar qiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonga safar qilgandi. Kemeron mazkur safardan Markaziy Osiyo mamlakatlariga Buyuk Britaniya hamda mintaqada ta’sir o‘tkazish uchun kurashayotgan Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilish o‘rtasida “tanlov” qilish imkonini berishni ko‘zlaganini ochiq aytdi. Kemeron ketganidan ko‘p o‘tmay, 26 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng matbuotga bayonot bergan Galuzin Kemeronning O‘zbekistonga tashrifi Rossiyaga maksimal darajada zarar yetkazishga va uni ittifoqdoshlaridan uzoqlashtirishga qaratilganini ta’kidladi.
LiveBarchasi