“Trastbank” kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish uchun 5 mln AQSH dollari miqdorida shartnoma imzoladi
Biznes
−
14:20 562 2 daqiqa
Bugun, 18 iyun kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi (Economic Empowerment Fund for Uzbekistan — EEFU) 5 mln AQSH dollari miqdorida moliyalashtirish liniyasini jalb etish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Ushbu mablag‘lar kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. Moliyalashtirish islom moliyasi tamoyillariga muvofiq amalga oshirilib, tadbirkorlarning muqobil moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, EEFU O‘zbekiston Respublikasi hukumati, Islom taraqqiyot banki va xalqaro investorlar hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekistondagi ilk investitsiya jamg‘armasidir. Uning asosiy vazifasi moliyaviy va nomoliyaviy ko‘mak orqali kichik va o‘rta biznes bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy korxonalar va kooperativlar rivojiga hissa qo‘shishdan iborat. Jamg‘arma mamlakat hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga ko‘maklashuvchi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. EEFU o‘z faoliyatida islomiy moliya vositalarini rivojlantirishga hamda barqaror moliyalashtirishning xalqaro standartlarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratadi.
“Trastbank” va EEFU o‘rtasida mazkur shartnomaning imzolanishi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim qadam bo‘lib, tadbirkorlarning istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining xususiy sektorini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Live
Barchasi