Transport vaziriga ham ogohlantirish berildi
Jamiyat
−
18 yanvar
7826Bugun, 18 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024 yilda turgan vazifalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Uning aytishicha, majlisda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan masalalar tahlil qilingan.
Qayd etilishicha, ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qo‘shimcha yig‘imlar mavjud, haydovchilar uchun viza rejimi murakkab, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagan, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan terminallar yo‘q.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov ham aynan shu masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun ogohlantirilgan.
Shuningdek, Investitsiya vazirligiga logistikadagi muammolarni yechish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berilgan.
Bundan tashqari, strategik temiryo‘l koridorlarini barpo etish doirasidagi ishlarni faollashtirish lozimligi qayd etilgan. Mutasaddilarga xorijiy mamlakatlarda mahalliy tashuvchilarimiz uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini ko‘rish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq aynan shu majlisda Adliya vaziri Akbar Toshqulov ikki oyda sohani tartibga solmasa, lavozimidan ozod etilib, Texnik tartibga solish agentligiga rahbar etib tayinlanishi haqida ogohlantirilgandi.
LiveBarchasi