Trampning yuzini Rashmor tog‘iga abadiylashtirish taklif etildi

Olam

image

AQSHning Florida shtatidan respublikachilar vakili Anna Paulina Luna Prezident Donald Tramp yuzini Rashmor tog‘iga qo‘shish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda “The Hill” nashri xabar berdi.

U hatto o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ham bu borada post qoldirdi.

“Uning mamlakatimiz uchun qilgan buyuk ishlari va kelajakdagi muvaffaqiyatlari bu tarixiy yodgorlikdagi eng yuksak e’tirofga loyiq. Qo‘lga bolg‘a olaylik”, deb yozadi Luna X ijtimoiy tarmog‘ida.

Agar Kongress ushbu qonunni ma’qullasa, Tramp yuzini toshga o‘yib tushirish vazifasi Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatiladi.

“Rashmor tog‘i – millatimiz erkinligi va qudratining abadiy ramzi. U Trampning buyuk merosini aks ettirishi lozim. Bu meros uning ikkinchi prezidentlik muddatida yanada mustahkamlanadi. U abadiy ravishda Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Avraam Linkoln va Teodor Ruzvelt kabi buyuk prezidentlar qatoridan joy oladi”, deb qo‘shimcha qildi u.

Trampning Rashmor tog‘iga qo‘shilishi haqida avval ham takliflar bo‘lgan.

Bu g‘oya ilk marta ilgari surilmayapti. “Fox News” jurnalistlari shu haftada AQSHning 250 yilligi (2026 yil) munosabati bilan Tramp yuzini Rashmor tog‘iga qo‘shish taklifini bildirgan.

“Agar mamlakatning 250 yilligini Rashmor tog‘ida Prezident Tramp yuzi bilan nishonlasangiz, bu haqiqatdan ham shov-shuvli bo‘lardi”, deydi Trampning sobiq matbuot kotibi Keyli Makinani “Fox News”dagi “Outnumbered” ko‘rsatuvida.

Tramp bu g‘oyaga qanday munosabat bildirgan?

Tramp 2019 yilda bu taklifni rad etmagan, biroq bu borada ijobiy fikr bildirish yomon tanqidlarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan.

“Agar men “ha” deb javob bersam, matbuot menga qattiq hujum qiladi”, degan Tramp “The Hill” nashriga.

2020 yilda bu borada yana fikr bildirgan.

“Bu yodgorlik hech qachon tahqirlanmaydi. Bu qahramonlar hech qachon sharmandalarcha tanqid qilinmaydi. Ularning merosi hech qachon yo‘qolmaydi. Va Rashmor tog‘i abadiy ravishda ajdodlarimiz va erkinligimizning ramzi bo‘lib qoladi”, degan edi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati federal hukumat xodimlariga ish haqini shu yilning sentyabr oyi oxirigacha, ya’ni sakkiz oygacha to‘lash evaziga iste’foga chiqishni taklif qilgandi. Tramp ma’muriyati xodimlarning 10 foizi yoki 2 milliondan ortiq federal hukumat xodimlarining 200 mingga yaqini taklifni qabul qilishini kutmoqda. Trampning yuqori martabali amaldorlari kelishuv hukumatni 100 milliard dollargacha tejashi mumkinligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Rashmor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing