Trampning vertolyoti lazer bilan “nishonga olindi”
Olam
−
23 Sentabr 10664 2 daqiqa
Joriy yilning 20 sentyabr kuni Oq uy yaqinida AQSH Prezidenti Donald Trampning Marine One vertolyotiga lazer nuri yo‘naltirildi. Buni sodir etgan erkak esa ushlandi. Bu haqda sud hujjatiga tayanib, “Fox News” xabar berdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, AQSHning birinchi shaxslarini qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi Maxfiy xizmat xodimi “Janubiy prezident bog‘i” yaqinida ust-boshisiz, o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan shubhali erkakni payqagan. Keyinroq uning ismi Jeykob Samuel Uinkler ekani ma’lum bo‘lgan.
Qorong‘ida Maxfiy xizmat xodimi chiroqni Uinklerning yuziga yo‘naltirganda, u javoban lazer nuri bilan unga qarata yo‘naltirgan. Shu paytda ustidan Marine One vertolyoti uchib o‘tayotgan bo‘lgan va hujjatga ko‘ra, Uinkler lazer nurini vertolyot tomon ham yo‘naltirgan.
Maxfiy xizmat xodimi Uinklerning harakatlari “uchuvchining to‘satdan ko‘r bo‘lib qolishi va chalg‘ishi”, shuningdek vertolyot halokatiga sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblab, uni darhol qo‘lga olgan. Shundan so‘ng Uinkler tiz cho‘kib, Trampdan uzr so‘rashi kerakligini aytgan.
So‘roq vaqtida Uinkler lazer nurini vertolyotga yo‘naltirganini tan olgan. U bunday qilish mumkin emasligini bilmaganini aytib, ko‘pincha lazer nuri bilan yo‘l belgilariga va atrofdagi narsalarga yo‘naltirib o‘ynashini tushuntirgan. Uning yonidan kichik pichoq ham topilgan.
Uinkler hozirda hibsga olingan. U besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi va 250 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin. NBC News’ga ko‘ra, AQSHda Uinklerning bu qilmishi federal darajadagi og‘ir jinoyat hisoblanadi.
Hozircha Uinklerning harakatlari Marine One uchuvchisiga qanday ta’sir qilgani va o‘sha paytda Donald Tramp vertolyot bortida bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohiga bostirib kirgan amerikalik yigit 23 yoshli Entoni Reyesni hibsga olingandi. U Prezidentning nabirasiga uylanishni xohlashini aytgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr