Trampning o‘limini istagan eronlik amaldor yo‘q qilindi – Pentagon
Olam
−
04 mart 13581 2 daqiqa
AQSH harbiylari mamlakat Prezidenti Donald Trampga qarshi suiqasd rejasiga aloqador deb hisoblangan eronlik amaldorni yo‘q qilganini ma’lum qildi. Pentagonda o‘tkazilgan brifingda Pit Hegset mazkur shaxs Eron tomonida Trampni o‘ldirish rejasi bilan bog‘liq bo‘lgan maxsus bo‘linmani boshqarganini iddao qilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Hegset ma’lum qilishicha, operatsiya kecha, 3 mart kuni amalga oshirilgan. U bu nishon urushning asosiy maqsadi bo‘lmaganini, ammo Trampga qarshi reja tuzganlar keyinchalik nishonlar ro‘yxatiga kiritilganini ta’kidlagan.
“Eron Trampni o‘ldirishga uringan, ammo oxir-oqibat Tramp ustun keldi”, degan vazir jurnalistlarga.
2024 yilda AQSH Adliya vazirligi Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi buyurtmasi bilan Trampga suiqasd uyushtirish rejasiga aloqador deb gumon qilingan eronlik shaxsga qarshi ayblov e’lon qilgan edi. Tehron esa bu ayblovlarni rad etib kelgan.
Pentagon brifingida Vashington armiyasi Eronga qarshi amaliyotlarda muayyan ustunlikka erishayotgani ham urg‘ulangan. Qo‘shma shtablar boshlig‘i general Den Keynning so‘zlariga ko‘ra, Tehron tomonidan uchirilayotgan ballistik raketalar soni urushning birinchi kuniga nisbatan 86 foizga kamaygan, bir tomonlama hujum dronlari esa 73 foizga qisqargan.
Qo‘shma Shtatlar zarbalari ayni paytda Eron janubiy sohillari bo‘ylab kengaymoqda. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, Vashington ayrim hududlarda havo ustunligini ta’minlashga muvaffaq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats Eron Oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘rniga keladigan har qanday shaxs nishonga olinishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi