Trampning Ukraina bo‘yicha yangi maxsus vakili tayinlandi – OAV

Olam

image

AQSH armiyasi vaziri Den Driskoll mamlakat Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha yangi maxsus vakili etib tayinlangani aytilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.

Nashr manbalarining aytishicha, amerikalik generallar guruhi kelasi haftaning oxirida Moskvaga uchib, Kreml bilan “tinchlik rejasi”ni muhokama qiladi. Driskoll AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensning do‘sti va sobiq sinfdoshi hisoblanadi. Oq uy uni Tramp jamoasining eng samarali a’zolaridan biri sifatida tavsiflaydi. Hozirda Ukraina bo‘yicha maxsus elchi sifatida ishlayotgan va Kiyev pozitsiyasini qo‘llab kelgan Kit Kellogg iste’foga tayyorlanmoqda.

Qayd etish joiz, joriy yilning 20 noyabr kuni Driskoll boshchiligidagi yuqori martabali AQSH harbiy amaldorlari delegatsiyasi Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazgan. Shundan so‘ng, Zelenskiy Trampning “tinchlik rejasi”ni muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgan. Delegatsiya Yevropa vakillari bilan ham uchrashgan. Amerikaliklar o‘z rejasini “deyarli muhokama qilinmaydigan” hujjat deb atab, Ukrainaning bitimni imzolashga majbur bo‘lishini, chunki uning “juda yomon ahvolda” turganini aytgan.

Driskollning o‘zi esa “Vashington minimal darajada moslashuvchanlik ko‘rsatadi”, deb ogohlantirgan. Yevropaning yuqori martabali bir amaldori uchrashuv ohangini “jirkanch” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Driskoll ko‘p marta haqoratli so‘zlar ishlatib, “bu axlatni tugatish kerak” deb talab qilgan va muhokama tezda chigallashgan. General Tramp ko‘rsatmasiga binoan, Zelenskiydan AQSHda Shukronalik kuni nishonlanadigan 27 noyabrgacha bitimni imzolashni talab qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Trampning rejasi 28 banddan iborat. Uni AQSH Prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan maslahatlashgan holda ishlab chiqqan. Kiyev bu hujjatni Kreml uchun juda qulay, deb hisoblaydi. Xususan, reja Rossiya bosib ololmagan Donbass hududlarining topshirilishini, Ukraina Qurolli kuchlarini qisqartirishni, NATOga kirishdan voz kechishni va mamlakat hududida alyans qo‘shinlarini joylashtirishni taqiqlashni nazarda tutadi. Rossiya uchun esa bosqichma-bosqich sanksiyalarni bekor qilish, G8 formatini tiklash va harbiy jinoyatlar uchun amnistiya taklif qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat hozir qiyin tanlov oldida turganini aytib, xalqiga murojaat yo‘llagan edi. Uning bu murojaati Vashingtonning joriy yil 27 noyabr kuniga qadar mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv loyihasi imzolanmasa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgani fonida yo‘llangan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ukraina Den Driskoll

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing