Trampning reytingi rekord darajada pastladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi amerikaliklar ulushi rekord darajada pasayib, 33 foizni tashkil etdi. Respublikachilar orasida ham uning qo‘llab-quvvatlash darajasi 72 foizga tushdi. Bu haqda “Finansial Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘rovda qatnashganlarning qariyb uchdan ikki qismi AQSH iqtisodiyoti noto‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanayotganini bildirgan. Respondentlarning 57 foizi esa Donald Tramp prezidentligi davrida moliyaviy ahvoli yomonlashganini aytgan.

Prezidentning iqtisodiy siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan respublikachilar ulushi ham bir oy avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 8 foiz punktga kamayib, 53 foizni tashkil etgan.

Oq uyning savdo siyosati ham saylovchilar orasida norozilik uyg‘otmoqda. Kanada tovarlariga 50 foizlik boj joriy etilishini so‘ralganlarning 56 foizi qo‘llab-quvvatlamagan. Bu choraga mustaqil saylovchilarning 60 foizi va respublikachilarning qariyb uchdan bir qismi ham qarshi chiqqan.

Tramp reytingidagi pasayish Kongressga oraliq saylovlariga ikki oydan kam vaqt qolgan paytga to‘g‘ri kelmoqda. Tadqiqot ishtirokchilarining qariyb 46 foizi prezidentning saylov kampaniyasida faol ishtirok etishi respublikachi nomzodlarning imkoniyatlarini murakkablashtirishini aytgan.

AQSHda oraliq saylovlar joriy yilning 3 noyabr kuni o‘tkaziladi. Unda Vakillar palatasining barcha 435 o‘rni hamda Senatdagi o‘rinlarning taxminan uchdan bir qismi uchun saylov bo‘lib o‘tadi.

Ayni paytda Kongressning har ikki palatasida respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Saylov natijalari Donald Tramp prezidentlik muddatining so‘nggi ikki yilida siyosiy kuchlar nisbatini belgilab beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH federal sudyasi Donald Tramp ma’muriyatining tug‘ilish orqali fuqarolik olish huquqini cheklashga qaratilgan yangi farmoni ijrosini to‘xtatgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing