Trampning Putinga nisbatan sabri tugayapti – Stubb
Olam
−
24 avgust 6661 2 daqiqa
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiya rahbari Vladimir Putinga nisbatan sabri tugash arafasida. Bu haqda u “Yle” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Stubbning so‘zlariga ko‘ra, Trampning sabrini tugatishi mumkin bo‘lgan ikki omil bor. Birinchisi – vaqt, ya’ni muzokaralar jarayonining cho‘zilishi. Finlyandiya Prezidenti bu borada Moskvaning harakati o‘zaro zid ekanini ta’kidlagan. U misol sifatida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bayonotini keltirgan. Lavrovga ko‘ra, Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyor, biroq bu faqat “prezidentlik kun tartibi” paydo bo‘lgandagina mumkin, hozircha esa bunday kun tartibi yo‘q.
Ikkinchi sabab – davom etayotgan hujumlar. Stubbning fikricha, Putinning Zelenskiy bilan yaqin bir yarim hafta ichida uchrashishi ehtimoldan yiroq, shunda Trampning sabri butunlay tugashi mumkin.
Ta’kidlash joizki, Oq uyda Zelenskiy va Yevropa yetakchilari, jumladan Stubb ishtirokida bo‘lib o‘tgan sammit yakunida Tramp Rossiya va Ukraina Prezidentlari uchrashuviga tayyorgarlik boshlanishini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, avvalo Putin va Zelenskiy yuzma-yuz uchrashishi lozim, keyin esa Trampning ham qo‘shilishi bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi mumkin.
22 avgust kuni Tramp agar ikki hafta ichida Rossiya va Ukraina yetakchilari muzokaralarga qaytmasa, “juda muhim qaror” qabul qilishini aytdi. Bu qaror yirik sanksiyalar, bojlar yoki ularning ikkalasi bo‘lishi mumkin, hatto AQSH umuman hech narsa qilmasligi ehtimoli ham borligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa NBC News telekanaliga bergan intervyusida Vladimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan hududiy masalalarni muhokama qilishga tayyorligini aytgandi. Uning aytishicha, Zelenskiy bu masalada Ukraina qonunchiligiga ham, jamoatchilik fikriga ham asoslanadi. Shu bilan birga, Ukraina jamiyati “yer evaziga tinchlik”ga qat’iy qarshi.
Live
Barchasi