Trampning odamlari Moskvaga bormoqchi
Olam
−
17:34 399 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner joriy yilning 5-6 sentyabr kunlari Moskvaga, shundan so‘ng Kiyevga borishi mumkin. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, TASS xabar berdi.
“Ular Moskvaga, keyin Kiyevga borishni rejalashtirmoqda. Bu 5-6 sentyabr kunlari bo‘lishi mumkin”, degan agentlik manbasi.
Avvalroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqin kunlarda AQSH Prezidenti vakillari Ukrainaga kelishini ma’lum qilgan. U vakillarning Moskvaga ham borishini aytgan, biroq ularning ismlarini ochiqlamagan.
Shuningdek, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 4 sentyabr kuni Uitkoff va Kushnerning yaqin kunlarda Moskvaga tashrif buyurishi haqidagi xabarlarga izoh bergan. Uning aytishicha, Kreml AQSH vakillari bilan aloqalar qachon amalga oshirilishi haqida keyinroq ma’lumot beradi.
“Men hozircha hech narsani e’lon qilmagan bo‘lardim. Bu aloqalar amalga oshirilgach, sizlarni xabardor qilamiz”, degan Peskov jurnalistlarga.
Shu tariqa, TASS manbasi tashrif 5-6 sentyabr kunlari bo‘lishi mumkinligini bildirgan bo‘lsa-da, Rossiya tomoni bu sanani hozircha rasman tasdiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 avgust kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Rossiya poytaxti Moskvaga e’lon qilinmagan muzokaralar uchun borgan edi.
Live
Barchasi